Qozog‘iston benzin narxini tartibga solishni bekor qilmoqchi

Olam

image

Qozog‘iston benzin narxini tartibga solishni bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakatning Ochiq yuridik shaxslar veb-saytida e’lon qilingan hujjatdan keltirilgan.

Mamlakatning Energetika vazirligi qo‘shni davlatlar bilan narxlardagi farqni bartaraf etish va kulrang eksport xavfini kamaytirish uchun yoqilg‘i-moylash materiallari narxini tartibga solishdan bosqichma-bosqich voz kechmoqchi. 

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston qo‘shni davlatlar orasida yoqilg‘i-moylash materiallarining eng past narxiga ega, bu esa noqonuniy eksport va ichki bozorda tanqislikka olib keladi.

Masalan, AI-92 benzinining bir litri 205 tenge, Rossiyada 288 tenge, Qirg‘izistonda 385, O‘zbekistonda 489 tengedan (11 ming 956 so‘m) sotilmoqda. Dizel yoqilg‘isi ham arzonroq – Rossiyada 355 tengega nisbatan 295 tenge, Qirg‘izistonda 427 tenge va O‘zbekistonda 528 tenge(12 ming 909 so‘m).

Qozog‘iston Energetika vazirligi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashni hisobga olgan holda narxlarni bosqichma-bosqich erkinlashtirish neftni qayta ishlash sanoatini modernizatsiya qilish, ish o‘rinlari yaratish va ichki bozorni yoqilg‘i bilan barqaror ta’minlash imkonini beradi, deb hisoblaydi.

Rasmiylar yoqilg‘i narxining keskin oshishiga yo‘l qo‘ymasliklarini aytdi.

“Barqaror narxlash modeliga o‘tish nafaqat sanoatni modernizatsiya qilishga yordam beradi, balki ichki bozorda barqaror vaziyatni ham ta’minlaydi”, deya tushuntirdi vazirlik.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyoda Eron, Liviya va Venesuela benzin narxi eng arzon hisoblangan davlatlar sirasiga kirishi haqida xabar berilgandi. Statistikaga ko‘ra, dunyo bo‘ylab benzinning o‘rtacha narxi 1 litr uchun 1,24 AQSH dollarni tashkil qiladi. O‘zbekistonda esa 1 litr benzinning narxi 0,99 dollar va bu dunyodagi o‘rtacha narx segmentiga to‘g‘ri keladi. Markaziy Osiyoda benzin arzon sotiladigan davlatlar – Turkmaniston (0,42 dollar) hamda Qozog‘iston (0,49 dollar) bo‘ldi. Tojikistonda benzin narxi qancha ekanligi va uning dunyo reytingidagi o‘rni haqida ma’lumotlar keltirilmagan. Rossiyada esa 1 litr benzin narxi 0,57 dollarni tashkil etadi. Benzin narxining o‘zgarishi ko‘p jihatdan yonilg‘i solig‘ining milliy tuzilmalari va subsidiyalash siyosatidagi farqlar bilan izohlanadi.  


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston benzin narxi neftni qayta ishlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing