Qozog‘iston ham O‘zbekistondan keyin ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

Olam

image

Qozog‘istonda davlat ro‘yxatidan o‘tmagan messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar faoliyati cheklanishi mumkin. Bu haqda bugun, 15 sentyabr kuni mamlakat parlamentining quyi palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan “Bola huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida keltirilgan.

Qayd etilishicha, qonun loyihasida bolalarning uysiz yoki qarovsiz qolishining oldini olish, Internetda noqonuniy kontentlar tarqalishiga taqiq qo‘yish, oilaviy munosabatlarda bolaning manfaatlarini himoya qilish kabi muayyan normalar sezilarli darajada takomillashtirilgan.

“Qozog‘iston Respublikasi hududida xorijiy onlayn-platforma yoki tezkor xabarlar xizmatining filiallari (vakolatxonalari) rahbarlari chet elliklar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bo‘la olmaydi. Barcha xorijiy messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar Qozog‘istonning vakolatli organlarida ro‘yxatdan o‘tishlari va bu yerda o‘z vakolatxonalarini ochishlari kerak bo‘ladi”, deyilgan qonun loyihasida.

Shuningdek, qonun xorijiy kompaniyalarning ijtimoiy tarmoqlari yoki messenjerlariga Qozog‘istonda yuridik shaxs ochish va davlat ro‘yxatidan o‘tish majburiyatini yuklaydi. Asosiysi filial rahbari Qozog‘iston fuqarosi bo‘lishi kerak. Agar qonun qabul qilinganidan olti oy o‘tgach, xorijiy tarmoqlar davlat ro‘yxatidan o‘tmagan bo‘lsa, mamlakatdagi faoliyati cheklanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda Internet tarmog‘i orqali 70 mingga yaqin kiberhujumlar aniqlangan. Qozog‘iston ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar ma’muriyatiga turli materiallarni o‘chirishni so‘rab 1,8 mingga yaqin murojaat yo‘llagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham joriy yilning 2 iyulida “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 27-1-moddasi talablariga zid ravishda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotgani uchun ayrim ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga cheklov o‘rnatilgan edi. Xususan, Twitter, TikTok,  “VKontakte”, Skype va WeChat cheklandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

151

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing