Anomal issiq! SSV jaziramadan saqlanish bo‘yicha muhim tavsiyalar bilan chiqdi

Bu qiziq

image

O‘zbekistonda joriy hafta jazirama ob-havo bilan boshlangani va hafta oxirigacha jazirama kuchayib, havo harorati ayrim hududlarda 44 darajagacha ko‘tarilishi haqida xabar berilgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi jazirama yoz kunlarida aholiga issiq ob-havo ta’siridan himoyalanish va salomatlikka e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Mutaxassislar yuqori harorat organizmda suvsizlanish, tana qizishi, qon bosimi o‘zgarishi, yurak-qon tomir tizimiga ortiqcha yuklama tushishi hamda issiq urishi kabi holatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda.

SSV ayniqsa, 65 yoshdan oshgan keksalar, chaqaloqlar va yosh bolalar, homilador ayollar, yurak-qon tomir, qandli diabet, buyrak, nafas yo‘llari va boshqa surunkali kasalliklari bo‘lgan fuqarolarni ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Shuningdek, qon bosimi va yurak dorilarini, siydik haydovchi, allergiyaga qarshi yoki psixotrop preparatlarni qabul qilayotgan insonlarga issiq tezroq ta’sir qilishi qayd etilgan.

Mutaxassislar bunday kunlarda chanqoqni kutmasdan, kun davomida tez-tez va oz-ozdan suv ichishni tavsiya qilmoqda. Sog‘lom katta yoshli insonlarga odatda kuniga 2–3 litr atrofida suyuqlik iste’mol qilish tavsiya etiladi. Bunda yurak, buyrak kasalliklari yoki shishga moyilligi bo‘lgan bemorlar esa ichiladigan suyuqlik miqdorini shifokor tavsiyasiga ko‘ra belgilashi kerak bo‘ladi. Jaziramada yengil, keng va havo o‘tkazuvchi, och rangli kiyimlar kiyish, tabiiy matolardan foydalanish, tashqariga chiqqanda bosh kiyim, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak va zarur hollarda himoya kremlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

SSV issiq havoda og‘ir, yog‘li, qovurilgan va achchiq taomlarni kamaytirish, yengil ovqatlar, sabzavotlar, mevalar, qatiq, ayron, baliq va tovuq go‘shti kabi mahsulotlarni iste’mol qilish ma’qul ekanini aytib o‘tgan. Shuningdek, soat 11:00 dan 17:00 gacha ochiq quyosh ostida uzoq yurmaslik, zarur ishlarni ertalab yoki kechki salqin paytlarga rejalashtirish tavsiya etiladi.

Vazirlik tavsiyasiga ko‘ra, ko‘chaga chiqishga to‘g‘ri kelganda soya quyuq joylarda yurish, yonda suv olib yurish va muntazam ravishda suyuqlik ichish kerak. Shuningdek, vazirlik bolalar, keksalar va uy hayvonlarini quyosh ostida turgan avtomobilda yolg‘iz qoldirmaslik haqida ham ogohlantirdi. SSV fuqarolardan issiq urishining alomatlari kuzatilganda tez tibbiy yordamga murojaat qilishini so‘ragan.

Dilnura Urinova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing