Qoshiqchining o‘lim farmonini kim bergan? AQSH razvedkasi hisoboti e’lon qilindi
Olam
−
27 fevral 2021
11446AQSH Milliy razvedka boshqarmasi 2018 yilda tayyorlangan, ammo sobiq Prezident Donald Tramp ma’muriyati tomonidan jamoatchilikka e’lon qilinmagan saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining qatli bo‘yicha hisobotni e’lon qildi.
Ushbu hisobotda Qoshiqchining o‘ldirilishini ma’qullagan shaxs Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon ekani ko‘rsatilgan.
Hisobotda aytilishicha: “Ushbu topilma shahzoda Muhammad bin Salmonning mamlakatdagi qarorlarni qabul qilish mexanizmlarini boshqargani, suiqasdda shahzodaning maslahatchisi va xavfsizlik guruhining ishtirok etgani hamda shahzoda chet eldagi muxoliflarni, jumladan Qoshiqchini “jim qilish”ga asoslangan zo‘ravonlik choralarini ko‘rgani haqidagi faktlarni o‘z ichiga oladi”.
Ta’kidlanishicha, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonni tanqid qilgani bilan tanilgan, shuningdek, "Washington Post" gazetasining sharhlovchisi bo‘lgan Jamol Qoshiqchi 2018 yil 2 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi Bosh konsulligiga kirib, qaytib chiqmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, Qoshiqchi konsullikning o‘zida o‘ldirilgan va uning jasadi parchalab tashlangan.
Ushbu hisobotga Saudiya Arabistoni o‘zining ilk javobini bergan. Unda Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi haqidagi AQSH hisobotini qat’iyan rad etishini aytgan.
Ma’lumot o‘rnida, Ar-Riyod siyosatiga oid tanqidiy maqolalari bilan tanilgan Qoshiqchi 2017 yildan beri AQSHda yashab, “The Washington Post” gazetasida ishlagan. U 2018 yilning 2 oktyabr kuni o‘z mamlakatining Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga tashrif buyurganida g‘oyib bo‘lgan. 20 oktyabr kuni Saudiya rasmiylari jurnalist to‘qnashuv natijasida diplomatik vakolatxona binosida o‘ldirilganini tan olgan.
LiveBarchasi