Qoraqalpog‘istonlik dehqonga “Do‘stlik” ordeni berildi

Jamiyat

image

Bugun, 30 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha yig‘ilishda qoraqalpog‘istonlik Genjimurat Turdimuratov “Do‘stlik” ordeniga loyiq ko‘rildi. Bu haqda Prezidentning tegishli farmoni ham qabul qilindi.

Qayd etilishicha, onlayn yig‘ilish davomida davlat rahbari hududlardagi usta dehqonlar va tomorqa egalari bilan muloqot qilgan. Ushbu muloqot davomida so‘zga chiqqan Genjimurat Turdimuratov hovlisidagi issiqxonadan yiliga 4 marta hosil olib, yuqori daromad topayotgani haqida gapirgan. Prezident Genjimurat Turdimuratovni  “Do‘stlik” ordeniga loyiq, deb topgan. 

“Mamlakatimizda tomorqachilik faoliyatini rivojlantirish, jumladan, meva-sabzavotchilik va ko‘chatchilikni samarali yo‘lga qo‘yish, mo‘l va sifatli hosil yetishtirish orqali aholi farovonligini ta’minlashga qo‘shayotgan munosib hissasi, har qarich yerdan unumli foydalanib, o‘zining tashabbuskorligi, omilkorligi, boy tajribasi va mehnatsevarlik fazilatlari bilan boshqalarga shaxsiy namuna ko‘rsatib kelayotgani hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanidagi shaxsiy tomorqa yer egasi   Genjemurat Dauletmuratovich Turdimuratov “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlansin”, deyiladi farmonda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 13 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda dunyoning eng ruhlantiruvchi “Top-100” ayoli ro‘yxatiga kirgan denovlik tikuvchi Dilorom Yo‘ldosheva Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga muvofiq “Mardlik” ordeni bilan mukofotlangandi. Dilorom Yo‘ldoshevaga ordenni Prezident nomidan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov topshirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing