Qoraqalpog‘istondan katta bosimdagi gaz topildi (video)
Jamiyat
−
12 yanvar 9952 1 daqiqa
Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanidagi yana bir yangi izlov qudug‘ida katta bosimda tabiiy gaz oqimi borligi aniqlandi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ustyurt mintaqasidagi “Mo‘ynoq” koni yaqinida joylashgan Shagirlik-quyi yura 2-sonli izlov qudug‘ida sanoat miqiyosida tabiiy gaz oqimi aniqlangan.
“Bu maydon Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tasarrufidagi “O‘zbekgeofizika” AJ va “Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti” DM tomonidan 3D seysmik qidiruv ishlari ma’lumotlari asosida chuqur izlov burg‘ilashga tayyorlangan”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, mazkur quduq loyiha boshqaruv ofisining malakali mutaxassislari tomonidan burg‘ilangan. Loyiha boshqaruv ofisida davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, xorijdagi zamonaviy kompaniyalarda aynan neft va gaz sohasida ishlab, O‘zbekistonga olib kelingan malakali mutaxassislardan iborat guruh hisoblanadi.
2026 yilning 10 yanvar kuni quduq tubi quyi yura qatlamlarida 5265 metr chuqurlikgacha burg‘ilanib, 5265-5061 metr chuqurlik oralig‘ida tabiiy gaz uyumlari aniqlangan.
Qo‘shimcha qilinishicha, quyi yura qatlamlarining geologik tuzilishini o‘rganish hamda aniqlangan gaz uyumlarining tarqalish chegasini aniqlash maqsadida, ushbu maydonda navbatdagi 3 va 4 sonli izlov-qidiruv quduqlarini burg‘ilash rejalashtirilmoqda.
Live
Barchasi