Qoraqalpog‘istondagi suv toshqini ortidan qator mansabdorlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Jamiyat
−
27 fevral 2023 13069 2 daqiqa
Avval xabar berganimizdek, Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanidagi kanalda bosim ortishi tufayli uylarni suv bosgan edi. Holat yuzasidan tuman irrigatsiya bo‘limi va irrigatsiya tarmoqlari boshqarmasi mansabdorlariga jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 24 fevral kuni tungi soat 3-4 lar atrofida To‘rtko‘l tumanidagi “Kalta minor-1” xo‘jaliklararo kanalida 192-piketi yon tomonidan (to‘g‘on) suv tushishi oqibatida hududdagi uylar va binolar shikastlangan.
Toshqin oqibatida shu hududda yashovchi 7 nafar fuqaroning yashash uyi va yordamchi xo‘jalik inshootlariga zarar yetgan. Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagan. FVV tomonidan shu kuni soat 07:00 ga qadar suv toshqini bartaraf etilib, to‘planib qolgan suvdan hovli yer maydonlari tozalangan.
Hodisa joyiga mas’ullar yetib borib, vaziyatni o‘rgangan. Suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hududiy sektor rahbarlari hamda boshqa mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilgan.
Mazkur holat yuzasidan To‘rtko‘l tuman prokuraturasi tomonidan “Paxta Arna Nayman” irrigatsiya tarmoqlari boshqarmasi va To‘rtko‘l tuman Irrigatsiya bo‘limi mansabdor shaxslari hamda boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 203, 207 va 229-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida fuqarolarga yetkazilgan zararni aniqlash yuzasidan ekspertiza tayinlangan.
“Hozirda hodisa yuz berishiga sababchi bo‘lgan aybdorlarni aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda, natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi