Qoraqalpog‘istonda o‘rmon yong‘ini yuz berdi. Alanga 3 kunda to‘liq o‘chirildi
3-sahifa
−
30 noyabr 2021
3957Joriy yilning 27 noyabr kuni Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida joylashgan Amudaryo Davlat biosfera rezervati o‘rmonzorida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in 28 noyabr kuni o‘chirilgan, ammo, 29 noyabr kuni qaytalangan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yong‘in 27 noyabr kuni soat 17:30 da “Amudaryo” daryosining ikkiga ajralgan va qayta qo‘shilgan joyi oralig‘idagi orolchada sodir bo‘lgan. Yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 19:10 da yong‘inni o‘chirish ishlariga kirishgan. 28 noyabr kuni soat 05:15 da yong‘in qurshab olinib, soat 08:04 da o‘chirilgan.
Xabarga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lgan joyda qayta yong‘in o‘choqlari paydo bo‘lishining oldini olish uchun 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji, Mintaqaviy qutqaruv otryadidan 1 ta bo‘linma va yordamchi texnikalar, 2 ta buldozer, 2 ta pogruzchik, 2 ta suv tashuvchi mashinalar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi FVBdan 50 nafar, o‘rmon xo‘jaligidan 20 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasidan 5 nafar, tuman obodonlashtirish bo‘limidan 20 nafar, jami 95 nafar xodim jalb etilgan. Ular ofatga qarshi kurashish uchun yong‘in yuz bergan hududda qolgan va 3 guruhga bo‘linib, kechayu kunduz navbatchilik qilgan.
Ammo, kecha, 29 noyabr kuni kutilmaganda yong‘in qoldiqlari qayta alanga olgan va o‘t o‘chiruvchilar soat 10:25 atrofida yong‘inni bartaraf etishga kirishib, bugun, 30 noyabr kuni soat 03:30 da o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan.
Qayd etilishicha, yong‘indan jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q. “Nazarxan” ovul fuqarolar yig‘inidan yong‘in sodir bo‘lgan joygacha masofa taxminan 8 kmni tashkil etadi.
Ta’kidlanishicha, hozirda keltirilgan zarar miqdori aniqlanmoqda, voqea joyida hamkor vazirlik, idora va xizmatlar kuch-vositalari navbatchilik olib bormoqda.
LiveBarchasi