Qoraqalpog‘istonda foyda solig‘i 50 foizga kamaytiriladi
Jamiyat
−
26 avgust 2022
4654Qoraqalpog‘istonda foyda solig‘i stavkasi 50 foizga pasaytirilib, 7,5 foiz etib belgilanadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Jo‘qorg‘i Kengesning Nukusda o‘tayotgan navbatdan tashqari yig‘ilishidagi nutqida aytib o‘tdi.
Prezident mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga Qoraqalpog‘istonda qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi. Jumladan, Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida:
• hudud uchun foyda solig‘i stavkasini 15 foizdan 7,5 foizga tushirish;
• aylanma soliq stavkasini Nukus shahrida 4 foizdan 2 foizga, tumanlarda 2 foizdan 1 foizga, olis hududlarda esa 1 foizdan 0,5 foizga pasaytirish;
• mol-mulk va yer solig‘i stavkalarini 2 baravarga kamaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Bundan tashqari, joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun rejadagi 650 milliard so‘mga qo‘shimcha ravishda 200 milliard so‘m ajratiladi.
Agrar sohadagi masalalarni hal qilish bo‘yicha:
• yil yakuniga qadar 6 ming 620 gektar, kelgusi yilda 6 ming gektar paxta va g‘alla yerlarini qisqartirib, aholiga ijaraga berishni yo‘lga qo‘yish;
• ekin ekish xarajatlari uchun fermerlarga 200 milliard so‘m va dehqonlarga 50 milliard so‘m ajratish;
• suv ta’minotini yaxshilash maqsadida har bir quduqni burg‘ilash va ishga tushirish uchun 15 million so‘mgacha subsidiya ajratish va boshqa moliyaviy ko‘mak bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, Jo‘qorg‘i Kengesning navbatdan tashqari sessiyasida parlament raisi Murat Kamalov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Ekologiya va Orolbo‘yi hududlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Amanbay Tleubayevich Orinbayev nomzodi ko‘rsatildi.
LiveBarchasi