Qorabog‘da yana o‘q ovozi: Baku Armaniston rahbariyatini ayblamoqda
Olam
−
08 avgust 2022
4406Ozarbayjon Mudofaa vazirligi bugun, 8 avgust kuni Yerevanni Armaniston bilan chegarada va Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda aybladi.
“O‘tgan sutka davomida arman qurolli tuzilmalari Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini 10 marta o‘qqa tutdi”, deyiladi xabarda.
Mudofaa vazirligining qayd etishicha, Basarkechar va Goris rayonlari, shuningdek, Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasidagi Garakilse rayoni yo‘nalishidagi pozitsiyalardan Ozarbayjon armiyasining Kalbajar va Lochin rayonlaridagi pozitsiyalari olti marta o‘qqa tutilgan.
Bundan tashqari, Rossiya tinchlikparvar kuchlari vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududidagi noqonuniy arman qurolli tuzilmalari a’zolari Kalbajar, Goranboy va Fizuli rayonlari yo‘nalishlarida Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini 4 marta snayper miltiqlari va turli kalibrli o‘qotar qurollar bilan o‘qqa tutgan.
“Ozarbayjon armiyasining shaxsiy tarkibi va texnikasi orasida yo‘qotishlar yo‘q”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ta’kidlanishicha, barcha holatlarda Ozarbayjon kuchlari bo‘linmalari “adekvat javob choralarini” ko‘rgan.
“Rossiya tinchlikparvar kuchlari vaqtincha joylashgan Ozarbayjon-Armaniston chegarasi va Ozarbayjon hududlarida so‘nggi paytlardagi keskinlik uchun butun javobgarlik Armaniston harbiy-siyosiy rahbariyati zimmasiga yuklanadi”, deyiladi Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabarida.
Armaniston Mudofaa vazirligi esa Ozarbayjon tomonining yuqoridagi bayonotini “dezinformatsiya” deb atadi.
“Ozarbayjon Mudofaa vazirligi so‘nggi kunlarda Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari Armaniston-Ozarbayjon chegarasining bir necha yo‘nalishlarida joylashgan Ozarbayjon pozitsiyalarini o‘qqa tutgani haqida dezinformatsiya tarqatishda davom etmoqda”, deyiladi Armaniston harbiy boshqarmasi bergan bayonotda.
Ma’lum qilinishicha, Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyat nisbatan barqaror va Armaniston qurolli kuchlarining to‘liq nazorati ostida.
Eslatib o‘tamiz, 3 avgust kuni Ozarbayjon bilan to‘qnashuv chizig‘ida vaziyatning keskinlashishi oqibatida ikki nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, yana 14 nafari yaralangan.
Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Mudofaa vazirligi xabar qilishicha, ayni vaqtda vaziyat nisbatan sokinlashgan, Tog‘li Qorabog‘ kuchlari rossiyalik tinchlikparvar kuchlar bilan birga vaziyatni barqarorlashtirish ustida ish olib bormoqda.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” amaliyoti o‘tkazilganini ma’lum qildi. Amaliyot boshlanishiga kecha Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari o‘t ochgani sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida bir nafar harbiy qurbon bo‘lgan.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi