“Qorabog‘da vaziyat keskinlashishi mumkin”. Pashiyan Putinga diydiyo qildi

Olam

image

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbat qilib, unga Qorabog‘dagi vaziyat keskinlashishi mumkinligi haqidagi xavotirlarini yetkazgan. Bu haqda uning o‘zi bugun, 14 mart kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Putin va Pashinyan o‘rtasida muloqot kecha, 13 mart kuni o‘tkazilgan. 

“Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan suhbat asosan (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatning keskinlashuvi xavfiga bag‘ishlandi. Men rossiyalik tinchlikparvar kuchlarning mas’uliyat zonasida muammolar borligini ta’kidladim va ba’zi ma’lumotlarni yetkazdim”, degan Pashinyan. 

Kremlning ma’lum qilishicha, telefon suhbati rasmiy Yerevanning talabi bilan uyushtirilgan. 

Suhbatda 2020-2022 yillarda Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvlarning butun majmuasini amalga oshirishning amaliy jihatlari, jumladan, Armaniston-Ozarbayjon chegarasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, mintaqada iqtisodiy va transport aloqalarini tiklash hamda Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik shartnomasini tayyorlash bo‘yicha qadamlari muhokama qilingan. 

Putin barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv tarzda, tomonlarning Rossiya tinchlikparvar kuchlari bilan yaqin aloqada va o‘zaro hamkorligida hal qilish zarurligini aytgan. 

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi joriy yilning 5 mart kuni ertalab Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari harbiy yuklarni noqonuniy yetkazib berayotgan arman avtomobilini tekshirish uchun to‘xtatmoqchi bo‘lganini ma’lum qildi. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil yo‘lovchilari Ozarbayjon harbiylariga qarata o‘t ochgan. Otishma oqibatida Ozarbayjon Qurolli kuchlarining ikki nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Armaniston tomoni uch kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Ozarbayjon ayni vaqtda Armanistonni Qorabog‘ga qurol-yarog‘, minalar va o‘q-dorilar to‘playotganlikda ayblamoqda.

O‘z navbatida Armaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonot chiqarib, Ozarbayjonning yangi tajovuzni boshlashiga yo‘l qo‘ymaslik va Tog‘li Qorabog‘ga Armaniston qurolli kuchlari joylashtirilgani haqidagi Ozarbayjon ma’lumotlarini tekshirish uchun xalqaro faktlarni o‘rganish missiyasini yuborishga chaqirgandi. Shuningdek, Ozarbayjon xalqni bo‘ysundirish uchun Tog‘li Qorabog‘ni etnik tozalash va genotsidga duchor qilishga tayyorlanayotganini qayd etdi. Rasmiy Baku esa bu da’volarini bema’nilik deb atadi.

Qorabog‘ urushi 

2020 yil 14 iyul kuni Ozarbayjon-Armaniston chegarasida ro‘y bergan to‘qnashuvda Ozarbayjon armiyasining bir general-mayori boshliq 7 nafar askarning shahid bo‘lishi Qorabog‘ning ozod qilinishiga olib kelgan operatsiyaning boshlanishi bo‘ldi. 27 sentyabr kuni Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ yaqinidagi tinch aholi punktlariga o‘t ochdi, Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilish uchun “Qasos” qarshi hujumini boshladi, natijada bosib olingan yerlar birin-ketin ozod qilindi.

2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Nikol Pashinyan Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing