Qorabog‘da ozarbayjonlik ikki jurnalist minada portlab halok bo‘ldi
Olam
−
04 iyun 2021
7681Bugun, 4 iyun kuni Tog‘li Qorabog‘ning Armanistondan ozod qilingan Kelbajar tumanida ichida Ozarbayjon jurnalistlari bo‘lgan mashina minada portlab ketdi. Natijada ikki nafar jurnalist va bir amaldor vafot etdi. Bu haqda “Anadolu” axborot agentligi xabar berdi.
Portlash Kelbajar tumanining Susuzlug‘ tumanida yuz bergan. Hodisada Ozarbayjon davlat televideniyesi (AzTV) xodimi Siraj Abishov (1989 yilda tug‘ilgan), AZERTADJ xodimi Maharram Ibrohimov va Kelbajar viloyati Susuzlug‘ qishlog‘idagi ijroiya hokimiyati rahbari vakili o‘rinbosari Arif Aliyev qurbon bo‘lgan. Shuningdek, Ozarbayjon Bosh prokuraturasi va IIV ma’lumotiga ko‘ra, 4 kishi turli og‘irlikda jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Bosh prokuratura jurnalistlarning o‘limi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini e’lon qilgan.
Qayd etish kerakki, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida kelishuvga erishilganiga qaramay, rasmiy Yerevan Tog‘li Qorabog‘da qaysi hududlar minalashtirilgani haqida ma’lumot bermay kelyapti.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yil 27 sentyabrda boshlangan 44 kunlik urush natijasida Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi 5 ta shahar, 4 ta posyolka, 286 ta qishloq va ko‘plab strategik muhim tepaliklarni Armanistondan ozod qildi.
Armaniston urush tugagach Ag‘dam, Lochin va Kelbajar tumanlarini Ozarbayjonga topshirdi. Arman harbiylari Ag‘damni 2020 yil 20 noyabarda, Kelbajaarni 25 noyabrda va Lochinni 1 dekabrda tark etdi.
LiveBarchasi