Toshkentni qor bosdi: poytaxtning oddiy odamlar yuradigan yo‘llari qishga tayyormi?

Intervyu

Yoshi ulug‘larning “qish g‘amini yozda qil” degan iborasi bor. Oxirgi vaqtlarda yog‘ingarchilik mavsumi boshlanishi bilan ancha kamchiliklar ko‘zga ko‘rinib qolyapti. Yomg‘irda poytaxt ko‘chalarini suv bossa, qor yog‘ganda muzlaydi. Yoz oylarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik olib borilganini aytgan tashkilot mutasaddilariniku topish amri mahol. Ikki kundan beri yog‘ayotgan qor ham Toshkent shahri qishga tayyor emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Tuni bilan tinmagan qor shahar ko‘chalari, yo‘llarini qopladi. Buning ortidan avtobus, yengil avtotransport vositalari harakati susaydi. Tarmoqlar esa ishga, o‘qishga kech qolayotganlarning noroziligiga to‘ldi.

Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Rustam Yusupovga ko‘ra, noqulay ob-havo ortidan kelib chiqadigan muammolar oldindan prognoz qilingan. Kerakli texnika, qum va tuz qorishmalari tayyorlangan.

“Ishlar ob-havoga qarab tashkil qilinadi. Texnika, kerakli qurilmalar, tuz-qum aralashmalari tayyorlanadi. Birinchi navbatda ko‘prik, tunnel, markaziy ko‘chalar, chorrahaga yaqin joylar tozalanadi va tuz aralashmasi sepiladi. Yo‘lning birinchi bo‘lib muzlaydigan qismi ko‘priklar hisoblanadi. Keyingi holatlarda qorning tezlashishi hamda qalinlashishiga qarab ish jarayoni tashkil qilinadi. 2021 yilda yo‘llarni qordan tozalaydigan texnikalar xarid qilingan. Shuningdek, 70 dan ortiq “Kamaz” rusumli mashinalar olib kelingan”, deydi Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Rustam Yusupov.

E’tibor bersangiz, yog‘ingarchilik mavsumida birinchi bo‘lib, markaziy ko‘chalar tozalanadi. Shahar markazlarida harakatlanib, qor yog‘ganiga ishonmaydi ham odam. “Nima uchun yog‘ingarchilik yoki boshqa vaziyatlarda birinchi e’tibor shahar markazlariga qaratiladi?” degan haqli savol o‘rtaga chiqadi. Shu savol bilan mutasaddiga yuzlandik.

“Bu fikringizga ko‘p ham qo‘shilmayman. Masalan, “Bunyodkor” ko‘chasidan Chilonzor tumaniga o‘tib, Toshkent shahridan chiqib ketguncha, Toshkent shahriga kirib kelish, Ahmad Donish, Yangi Farg‘ona yo‘li, Qo‘yliqqa olib boruvchi va olib keluvchi yo‘llar, yangi ochilgan Qushbegi dahasidan Sergeli, Yangihayot tumanlarini bog‘lovchi ko‘chalar ham e’tibordan chetda qolmagan. Sababi bu ko‘chalardan katta hajmdagi yuk mashinalari kirib keladi. Ularning harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘l o‘tkazgichlar o‘rnatilgan. Toshkent shahrida 77 ta markaziy ko‘cha mavjud bo‘lib, ularning barchasiga 2-3 martadan qum sepilgan, tozalash ishlari tonggi 4 dan boshlanib, qor tozalash mashinalari ishga chiqib ketgan”, deydi Rustam Yusupov.


Maqola muallifi

Teglar

qor yo'llar qish

Baholaganlar

132

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing