Qonunni bir kunda yozib, besh kunda qabul qilish mumkin – Ismoilov

Intervyu

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining qo‘shma majlisi o‘tkazildi. Unda Ommaviy axborot vositalariga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuzilgani ma’lum qilindi. 

Yig‘ilishda ishtirok etgan ko‘pchilik tajribali jurnalistlar mamlakatda ommaviy axborot vositalariga doir qonunlarni takomillashtirish, yolg‘on axborot va soxta ma’lumotlar, birovning shaxsiga oid ma’lumotlarni tarqatishga oid keskin jazo choralari ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidladilar. Bunga esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov quyidagicha munosabat bildirdi: 

“Bizda ommaviy axborot vositalariga taalluqli qonunlarimiz ko‘p. Mana oxirgi aytilayotgan fikrlar: jamoatchilikning fikri o‘zgarib ketayotgani, tekshirilmagan axborotlar e’lon qilinayotgani... Bu hammasi to‘g‘ri. Aytildiki, qattiq tartib o‘rnatish kerak yoki javobgarlik.  Bu oson ish. Biz hamma mamlakatlarning mana shu sohadagi qonunlarini taqqoslaganimizda, ko‘rdikki, ularda juda qattiq choralar bor. Jinoiy javobgarlikkacha, hatto... Mana kuni kecha Rossiyada bir jurnalistni besh yilga qamashdi”. 

Spiker fikrlarini davom ettirib, qonun ijodkorligi, uni ishlab chiqish yoki qabul qilish jarayoni ko‘p vaqt olmasligini, biroq ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar faoliyatiga, axborot makoniga oid qonunni qabul qilishda ko‘p jihatlarni inobatga olish kerakligini ta’kidlaydi. 

“Qonunni bir kunda yozib, besh kunda qabul qilish mumkin. Lekin u qanday bo‘ladi? Boshqa sohalarning qonunini qabul qilish nihoyatda oson. Lekin bu sohada, axborot makoniga tegishli masalada shoshilmasligimiz kerak. Har tomonlama o‘ylashimiz kerak. Oxirgi uch yil ichidagi erkinlikni to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Jamoatchilik mansabdor shaxslarning ustidan nazoratni joyiga qo‘yyapti. Lekin, bir-birini nazorat qilish, bir-birini tiyib turish degan narsa yo‘q”, deydi Ismoilov.  

Ayni vaqtda O‘zbekistonda 2000 mingga yaqin ommaviy axborot vositalari faoliyat yuritib bormoqda. Mamlakatda axborot olish va tarqatish, jurnalistik faoliyatni himoya qilish, ommaviy axborot vositalari faoliyatini tashkil etish, qolaversa, noshirlik, radiouzatuvchilarga oid 10 ga yaqin qonunlar mavjud. Ularning ayrimlari qabul qilinganiga esa 20 yildan oshgan. 

Nurdinjon Ismoilovga ko‘ra, Ommaviy axborot vositalariga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuzilishining asosiy sababi ham aynan qonunchilikni takomillashtirishdan iborat. 

“OAVga javobgarlik ishlab chiqish juda oson, qonunni tayyorlash ham oson. Ma’muriy yo jinoiy javobgarlik kiritib qo‘yish oson. Bu kengashni tuzishimizdan maqsad ham shu. Kengashning tarkibini ko‘rsangiz, hamma vakillar bor. Shoshilmaylik, o‘ylaylik va shu kengashdan o‘tkazaylik”, deydi Ismoilov og‘ir va vazminlik bilan. 


Maqola muallifi

Teglar

Nurdinjon Ismoilov

Baholaganlar

19

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing