“Qonli yanvar voqealari”: “Yovvoyi Arman” bilan til biriktirishda gumonlangan deputat ushlandi 

Olam

image

Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari xodimlari joriy yilning yanvar oyi boshida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklarda ishtirok etganlikda gumon qilib, Olma-ota shahar maslihati (mahalliy vakillik organi) deputatini qo‘lga oldi. Bu haqda shahar prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.  

“21 aprel kuni Bosh prokuraturaning maxsus prokurorlari boshchiligidagi idoralararo tergov guruhi 1983 yilda tug‘ilgan Xudoybergen Qayrat Xudoybergenulini ommaviy tartibsizliklarni uyushtirganlik va ularda qatnashganlikda gumon qilib qo‘lga oldi. Hibsga olingan shaxs Olma-ota politsiya departamentining vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirildi”, deyiladi xabarda. 

Dastlabki tergovga ko‘ra, Xudoybergen jinoiy guruh rahbari Arman Jumageldiyev (“Yovvoyi Arman”) bilan birgalikda “Qozog‘iston” mehmonxonasida odamlarni yig‘ib, ularni Jumageldiyev atrofida birlashishga chaqirgan. 

Departamentning ta’kidlashicha, Xudoybergen va Jumageldiyevlar tomonidan uyushtirilgan noqonuniy aksiya zo‘ravonlik bilan ommaviy mushtlashuvga aylangan. 

“Xudoybergenning tartibsizliklarni uyushtirgani va ularda ishtiroki “Qozog‘iston” mehmonxonasida olib qo‘yilgan videoyozuvlar, qo‘lga olingan Jumageldiyev guruhi a’zolarining mobil telefonlari va guvohlarning ko‘rsatmalari bilan tasdiqlanadi”, deya izoh bergan Olma-Ota prokuraturasi. 

Ma’lumot uchun, Jumageldiyev va uning besh nafar sherigi Olma-otada qo‘lga olingani haqida 7 yanvar kuni Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma’lum qilgandi. Rasmiylar yanvar oyida Turkiyadan qaytgan Jumageldiyevni yil boshidagi tartibsizliklar vaqtida tartibsizlik va amaldorlarga hujum uyushtirganlikda gumon qilmoqda. 

Ma’lumot o‘rnida, yanvar oyi boshida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, ularning ishtirokchilari politsiya va harbiylarga hujum qildi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev davlat to‘ntarishiga urinish haqida e’lon qildi va yordam so‘rab KXSHTga murojaat qildi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashdi, 19 yanvardan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hodisalar natijasida 230 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston tartibsizliklar

Baholaganlar

133

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing