Qodirovdan jonli efirda tahdid: “Juda ko‘p shaytonlarni yo‘q qilganman. Seni ham yo‘q qilaman” (video)
Olam
−
18 may 2021
56241Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida jonli efir vaqtida unga nisbatan haqoratli sharh yozgan foydalanuvchilardan biriga yo‘q qilish bilan tahdid qildi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi Qodirovga “Sen odam emassan, shunchaki shaytonsan” deb yozgan. Checheniston rahbari ushbu so‘zlarga e’tibor qaratdi va sharhni jonli efirda o‘qidi hamda uni skrinshot qilib saqlab qo‘ydi.
“Agar buni menga yozgan bo‘lsang, men seni topaman. Va qaysi birimiz shayton ekanimizni ko‘ramiz. O‘zingni qanday his qilyapsan, uyalmayapsanmi? Oynaga qanday qaraysan? Kechalari bilan uxlamay chiqasan. Sen hozir vasiyat qilasan: “Agar men o‘lib qolsam, oilamga yordam bering”. U hozir yig‘lab yuboradi. Menga o‘z ma’lumotlaringni yubor. Ko‘ramiz, keyin qay birimiz shayton ekanmiz. Men juda ko‘plab shaytonlarni yo‘q qilganman va seni ham yo‘q qilaman”, deydi Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil noyabr oyida Chechenistonning “Grozniy TV” telekanali respublika hukumati yig‘ilishi aks etgan videoni namoyish etgandi. O‘shanda ham Qodirov internet foydalanuvchilarini o‘ldirish bilan tahdid qilgan.
“Agar biz bunday odamlarni to‘xtatmasak, o‘ldirmasak, qamab qo‘ymasak, qo‘rqitmasak, bizning mamlakatda hech narsa ishlamaydi”, deb ogohlantirgan Qodirov.
Shundan so‘ng, Qodirov maxsus xizmatlar, politsiya, viloyat hokimligi va jamoat tashkilotlariga internetda “nomusga tajovuz qilgan” shaxslarni aniqlash va hatto barcha qonunlarni buzishga to‘g‘ri kelsa ham ularni ta’qib qilish bo‘yicha buyruq bergan.
Keyinchalik, Checheniston rahbari bu iboralarni g‘azab bilan gapirgani hamda ushbu gaplar noto‘g‘ri talqin qilinganini aytgan.
LiveBarchasi