Qodirov xalq katta ehtimol bilan Mirziyoyevni saylashiga ishora berdi
Intervyu
−
30 iyul 2021
11477Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimida faoliyat yuritayotganiga yaqinda 5 yil to‘ladi. Xo‘sh, bu muddat ichida O‘zLiDep ko‘rsatgan nomzod – Prezident Mirziyoyev qanchalik o‘zgarishlar qila oldi? Uning faoliyatiga raqib partiyalar qanday baho beradi. Ushbu savol bilan QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov “Milliy tiklanish” partiyasi raisi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirovga murojaat qildi.
Qodirovga ko‘ra, Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston tarixiy burilish davrini boshdan kechirgan.
“Ochiq tan olish kerak, mana shu besh yil O‘zbekistondagi tarixiy burilish edi. Raqib bo‘lamizmi, bo‘lmaymizmi, gap bunda emas. O‘zbekiston uchun burilish davri bo‘lganini tan olish kerak. Men yuqorida aytib o‘tganimdek, ochiq, shaffof, raqobatbardosh bo‘lishning tagida ham mana shu o‘zgarishlar yotadi, aslida. Gap O‘zbekistonning o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘ladigan bo‘lsa, muammolar e’tirof etildi va ularning yechimi bo‘yicha harakatlar boshlandi. Bu harakatlar besh yil uchun kammi yo ko‘pmi, buni albatta, vaqt ko‘rsatadi. Lekin amalga oshirilgan ishlarni, albatta, e’tirof etish kerak. Chunki, yutuq baribir xalqimizniki, O‘zbekistonniki”.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga binoan amaldagi davlat rahbari Prezident saylovida yana bir bor o‘z nomzodini ko‘rsatishi mumkin. Bordiyu Shavkat Mirziyoyev yana Prezident saylovida ishtirok etsa va g‘alaba qozonsa, “Milliy tiklanish” bu mag‘lubiyatga tayyormi? Alisher Qodirov ushbu savolga quyidagicha javob berdi:
“Avvalo, biz saylovlar paytida raqobat qilmoqchimiz. Saylovlar paytida saylovchilarga o‘z takliflarimizni bermoqchimiz. Saylovchilarimizning qarori biz uchun har doim hurmatli.
Biz partiyada huquqshunoslar guruhini shakllantirdik. Butun saylov jarayonida bizning huquqlarimizga qarshi huquqbuzarlik bo‘ldimi, bo‘lmadimi, buni qattiq nazoratga olamiz va kuzatib boramiz. Saylovning yakunida huquqlarimiz poymol qilinmagan bo‘lsa, partiya bunga e’tiroz bildirmaydi”, deydi Alisher Qodirov.
Partiya raisi so‘zida davom etarkan, kutilayotgan saylov oson bo‘lmasligini alohida urg‘uladi. Shuningdek, u katta ehtimol bilan xalq Mirziyoyevni saylashi mumkinligiga ishora berdi:
“Bir narsani tan olib aytish kerak, xalqimiz bir insonga mehr qo‘ysa, shu mehrni o‘zgartirish juda qiyin. Shu o‘rinda, bir misol keltiraman, Buyuk Britaniyada II Jahon urushi paytida Uinston Cherchil harakatlarini ko‘raylik. U mamlakatni haqiqatan ham inqirozdan olib chiqib keta oldi. Lekin urush tugagandan keyin, birinchi saylovdayoq mag‘lub bo‘ldi. Angliya saylovchilari Uinston Cherchilning urush paytidagi qahramonligini urushdan keyingi iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirishi uchun yetarli deb hisoblamadi va ochiqchasiga sovuqqonlik bilan undan voz kechdi. Bizning saylovchilarimiz unday emas. Mana shundan xulosa qilamizki, odamlarga o‘z fikrimizni yetkazib berish uchun yanada qattiq ter to‘kishimiz kerak va bunga harakat qilishimiz lozim. Oson saylov bo‘lmasligi aniq. Odamlarga biz eng quyigacha tushgan holatda tushuntirishimiz, joylarda har bir g‘oyamizni nima uchun O‘zbekistonga zarur ekanligini isbotlashimiz kerak”.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov bilan suhbatni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi