Qodirov Kusherboyevning diniy ta’lim va MTDP bo‘yicha fikrlariga javob qaytardi
Jamiyat
−
07 may 2021
21329Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev “Milliy tiklanish” partiyasining chiqishlarini fitna qo‘zg‘ashga o‘xshash harakatlariga qiyoslab, partiya vakillarining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish jarayonida diniy ta’lim muassasasida ta’limni kengaytirish masalasiga qarshi chiqqanini aytib o‘tgandi. Qonun loyihasi birinchi o‘qishda kirgan vaqtidayoq diniy ta’lim masalasini ko‘targan fraksiya “Milliy tiklanish” edi. Bu haqda partiya yetakchisi Alisher Qodirov ma’lum qildi.
Deputatning yozishicha, “tashabbusga ko‘r-ko‘rona yopishib olmasdan deyarli ikki oy davomida ushbu masala batafsil o‘rganilgan, soha mutaxassislari bilan maslahatlashilgan”.
Alisher Qodirov o‘z postida Rasul Kusherboyevni “mavzuni o‘rganmasdan, doimgidek gapirish uchun gapirgan”likda aybladi.
“Soxta obro‘ ilinjidagi hamkasbimiz masalani boshlang‘ich nuqtasida turibdi – mavzuni o‘rganmagan, doimgidek gapirish uchun gapirdi. Ikkinchidan, qonun qabul qilingan majlisda ishtirok etmagan deputat xulosa bilan emas, qulog‘i bilan gapiradi, juda ham tabiiy holat. Uchinchidan, bu norma qonunning qaysi moddasida tortishildi, degan savolga masalani ko‘tarayotgan hamkasbimiz javob berishiga ishonchim komil emas. Chunki yakuniy o‘zgarishlarni bilmaydi”, deb yozadi Qodirov.
Uning yozishicha, “partiyaga nisbatan haqoratomuz ohang” esa ”Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun muhokamasida “kaltabinlik bilan yo‘qotilgan ishonch uchun alamzadalikdan”.
Alisher Qodirov yuqoridagi qonunda “Milliy tiklanish” partiyasi qarshi bo‘lgan jihat bo‘yicha tushuntirish berdi:
“Avvalambor, har qanday ta’lim jarayoni guruh ishtirokida, tizimlilik va muntazamlikni taqozo qiladi. Qonunga ko‘ra, diniy ta’lim olmoqchi bo‘lganlarga bunday imkoniyat maktabni tugatgandan keyin professional diniy ta’lim muassasalarida beriladi.
Muhokamaga sabab bo‘layotgan qism – bu 1-sinfdan boshlab diniy ta’lim olish yoki darslardan keyin litsenziyaga ega, oliy diniy bilimga ega shaxs tomonidan diniy ta’limni tashkil qilish uchun ruxsat berish masalasi.
Bu qonunga: “...vakolatli idora tomonidan ijozat berilgan, professional diniy bilimga ega mutaxassis diniy ta’lim berishi mumkin” degan norma kiritilgan taqdirda ham boshlang‘ich diniy ta’lim tizimining o‘zi yo‘qligi uchun dinni o‘rganish odatdagidek ustoz-shogird tizimida davom etib ketaveradi. Bugun yoshlar dinni ota-onalaridan, masjidlarda, amri-ma’ruflarda, kundalik hayotda ulamolar bilan suhbatda, ijtimoiy tarmoqlarda va bemalol sotuvda bo‘lgan diniy adabiyotlar vositasida o‘rganishmoqda va bu qonunga zid emas.
Agar qonunda “...vakolatli idora tomonidan ijozat berilgan, professional diniy bilimga ega mutaxassis diniy ta’lim berishi mumkin” degan norma kiritilsa, o‘rgatish Islomdagidek murakkab bo‘lmagan, e’tiqoddan ko‘ra siyosiy-strategik maqsadlarga xizmat qiladigan minglab missionerlarga millionlab hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan yoshlarimizning ongiga yashil yo‘lak qilib bergan bo‘lamiz. Tasavvur qilib ko‘ring, bitta ulamo diniy maktab ochib 100 ta qorako‘zga Ummul Qur’onni yodlatgunicha, 100 ta missioner 100 ta maktab ochib minglab bolalarimizning yetilmagan tafakkurini ostin-ustun qilib yuboradi.
Muqaddas Islom sobitlik bilan kundalik yashaladi va sabr bilan o‘rganiladi. Musulmon tug‘ilgandan o‘limigacha eshitadi, o‘qiydi va tafakkur qiladi. Bu jarayonni qonun taqiqlay olmaydi”, deb yozadi Qodirov.
Deputatning fikricha, bu norma qabul qilinsa, qonunning barcha talablarini bajargan holda, katta homiylarga ega bo‘lgan missionerlar oqimi 3-5 yil ichida minglab, agar millionlab bo‘lmasa, “dinidan, qadriyatidan uzilgan zombi yoshlar qatlamini barchaning oldiga to‘kib tashlaydi”.
Qodirovning yozishicha, partiya diniy ta’limni qo‘llab-quvvatlagan, jamiyatga yot g‘oyalarni singdirmoqchi bo‘layotganlarga qarshi chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, bu ikki deputat o‘rtasidagi ilk tortishuv emas. Joriy yilning 27 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida Alisher Qodirov va Rasul Kusherboyev o‘rtasida davlat hokimiyati organlarini noqonuniy qurilishlarni buzish bo‘yicha qarorlarini sudga berishda davlat bojini to‘lash yoki to‘lamaslik to‘g‘risida tortishuv yuz bergandi.
Alisher Qodirov ushbu tortishuvni “juda ham normal holat”, deya baholagandi.
LiveBarchasi