Qiziriqdagi futbol maydonida 16 yashar yigit vafot etdi. Vazirlik rasmiy bayonot berdi

Jamiyat

image

Shu kunlarda turli ijtimoiy tarmoqlar orqali Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida joriy yil 23 avgust kuni kechki soat 22:30 larda “Istiqlol” mahallasida joylashgan sun’iy qoplamali futbol maydonida futbol o‘yini paytida yuzaga kelgan janjal oqibatida 16 yoshli Islom Xurramovning voqea joyida vafot etgani haqidagi xabarlar keng tarqaldi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ushbu holatni o‘rganib chiqib, rasmiy bayonot  bilan chiqdi. Unda shunday deyiladi:

“2020 yil 23 avgust kuni kechki soat 22:30 larda Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani “Istiqlol” mahallasida joylashgan fuqaro Aliqulov Zafar Toshpo‘latovichga tegishli sun’iy qoplamali kichik futbol maydonida futbol o‘ynab turgan shu mahallada istiqomat qiluvchi 2004 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan Aliqulov Asrorbek Zafar o‘g‘li raqib jamoa safida futbol o‘ynayotgan, shu mahallada yashovchi fuqaro G‘aniyev Erkinning uyiga mehmon bo‘lib kelgan Termiz tumani “Temiryo‘lchi” mahallasida istiqomat qiluvchi 2004 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan Xurramov Islom Ma’mur o‘g‘li bilan o‘yin davomida tortishib qoladi. Ular o‘yin vaqtida maydonni tark etib, o‘yingoh yon tomonida joylashgan “Istiqlol” MFY idorasi yonida janjalni davom ettirishadi. Natijada A.Aliqulov I.Xurramovning old ko‘krak o‘rta sohasiga urib, tan jarohati yetkazgan. Islom Xurramovning kuchli zarbdan sog‘ligi yomonlashib, voqea joyida vafot etadi.

Ta’kidlash kerak, 2020 yil 23 avgust kuni Qiziriq tuman sport bo‘limi hamda tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabi tomonidan hech qanday sport tadbiri va musobaqa o‘tkazilmagan. Mazkur holat ham sport musobaqalari paytida sodir bo‘lmaganligini ma’lum qilamiz.

Shuni ham qo‘shimcha qilish kerak, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda uning tasarrufidagi tashkilotlar tomonidan tashkil etilayotgan sport tadbirlari karantin talablari asosida sanitariya-epidemiologiya qoidalariga amal qilingan holda o‘tkazilmoqda”.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentining ma’lum qilishicha, 23 avgust kuni soat 20:45 da 16 yoshli voyaga yetmagan A.A., Qiziriq tumani “Istiqlol” mahallasida joylashgan kichik futbol o‘yingohida futbol o‘ynayotgan vaqti raqib jamoadagi 16 yoshli voyaga yetmagan I.X., bilan o‘zaro tortishgan. Ular yakkama-yakka urishish maqsadida, stadiondan tashqariga chiqib, janjalni davom ettirgan. Shu payt A.A.,chap oyog‘i tizzasi bilan I.X.,ning old ko‘krak o‘rta sohasiga bir marta zarb bilan tepib, tan jarohati yetkazgan.

Natijada voyaga yetmagan I.X., olgan tan jarohati oqibatida sog‘lig‘i yomonlashib, hodisa joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Qiziriq tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan A.A.,ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘limiga olib kelgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.A. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

393

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing