Qizim senga gapiraman, kelinim sen eshit. Aliyev Putin va Raisiyga qarshi gapirdi

Olam

image

O‘tgan hafta Ozarbayjon Armanistonga qarshi “Qasos” operatsiyasini boshlanidan keyin Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan darrov Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Shuningdek, shu hafta Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan Qorabog‘dagi vaziyat haqida gaplashdi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga ko‘ra, na kimningdir bayonoti, na birovning nutqi, na telefon qo‘ng‘irog‘i Bakuni tanlagan yo‘lidan qaytara oladi. Bu haqda Prezident kecha, 12 avgust kuni Ozarbayjon televideniyesiga bergan intervyusida gapirgan.

Uning qayd etishicha, Armaniston Qorabog‘ yerlari Ozarbayjon nazoratiga o‘tgani va tarixiy adolat tiklanganini tan olishi kerak, uning bundan boshqa chorasi yo‘q. 

“Aslini olganda, Armanistonning kelajakda bu vaziyat, yangi voqelik bilan yarashishi muqarrar, chunki uning boshqa yo‘li yo‘q. “Qasos” operatsiyasi Armanistonga yana bir bor ko‘rsatdiki, bizni hech kim va hech narsa to‘xtata olmaydi – na kimningdir bayonoti, na birovning nutqi, na telefon qo‘ng‘irog‘i. Hech kim va hech narsa. Ozarbayjon xalqi buni yaxshi biladi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi buni ko‘rsatdi. Ishonchim komilki, buni boshqa tomon ham biladi. Faqat ba’zida bu haqda unutadi. Shuning uchun bunday fojiali voqealar sodir bo‘ladi”, deydi Ilhom Aliyev. 

Aliyev Ozarbayjon ikkinchi Qorabog‘ urushida g‘alaba qilganini yana bir bor eslatib, shunday deydi:

“Biz urushda g‘alaba qozondik. Biz hududiy yaxlitligimizni tikladik. Nega bizning bolalarimiz urushdan keyin o‘lishlari kerak? Nega armanlar ularni o‘ldirishlari kerak? Biz bunga ruxsat bera olmaymiz. Yana bir bor aytmoqchimanki, agar shunday provokatsiya takrorlansa, javobi yanada qattiqroq bo‘ladi, bundan battar pushaymon bo‘ladi, rahm-shafqatni yanada baland ovozda so‘raydi. Lekin yana bir bor aytamanki, biz yangi urush boshlamoqchi emasmiz. Yetar! Biz xohlagan narsaga erishdik. Biz arman qurolli tuzilmalarining Qorabog‘dan bir marta va butunlay chiqib ketishini istaymiz. Bu Armanistonning 2020 yil 10 noyabrda imzolagan taslim bo‘lish to‘g‘risidagi aktida mustahkamlangan majburiyati, biz bunga erishamiz va erishyapmiz”, deydi Prezident

Uning qayd etishicha, kuni kecha Ozarbayjon tomonidan amalga oshirilgan “Qasos” operatsiyasi natijasida Armaniston yuzlab askarlarini Qorabog‘dan olib chiqishiga to‘g‘ri kelgan. Aliyev bunga to‘xtalarkan, so‘zini afsus bilan boshladi.  

“Men "afsuski" deyman, chunki ishni bu darajaga olib kelish shart emas edi. Shunchaki, Armaniston bizning ogohlantirishlarimizni to‘g‘ri tahlil qilib, to‘g‘ri xulosa chiqarsa, unda bunga ehtiyoj qolmas edi. Har holda, biz birinchi bo‘lib boshlamadik. Biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishdik, o‘z zaminimizda o‘zimizni mustahkamladik va bundan keyin ham mustahkamlanib boramiz”, deydi Ozarbayjon rahbari. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 avgust kuni rasmiy Baku Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududidagi noqonuniy arman qurolli tuzilmalari a’zolari Ozarbayjon armiyasining Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga kuchli o‘t ochgani, oqibatda qurbon berilgani, 14 kishi jarohatlangani haqida ma’lumot bergan edi. 

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” amaliyoti o‘tkazilganini ma’lum qildi. Amaliyot boshlanishiga Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari o‘t ochgani sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida bir nafar harbiy qurbon bo‘lgan.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Qorabog'

Baholaganlar

190

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing