“Qizilqum U-19” bosh murabbiyi pora bilan ushlandi
Sport
−
20:57 3302 1 daqiqa
“Qizilqum U-19” jamoasi bosh murabbiyi 20 mln so‘m pora olayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi “Qizilqum” professional futbol klubining U-19 jamoasi bosh murabbiyi garchi, o‘yinchilar jamoaga belgilangan sinovlarda saralanib, klub komissiyasining qarori va rahbarning tegishli buyrug‘i asosida qabul qilinishini bilsada, o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda Nurota tumanida yashovchi, 2008 yilda tug‘ilgan o‘smirning ishonchiga kirgan. Aniqrog‘i, uni jamoaning asosiy tarkibiga o‘yinchi sifatida qabul qilish evaziga 20 mln so‘m talab qilgan.
Ammo bosh murabbiy so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Futbolda barcha ishtirokchilar adolatli, shaffof va yuqori professional standartlarga rioya qilishi majburiy hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi jamoalar, futbolchilar va mutaxassislarni qat’iy ogohlantiradi hamda tizimni korrupsiyadan holi bo‘lishi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘radi”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi