“Qizil jar”ning “qora osmoni” (fotogalereya)

Olam

image

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Krasnoyarsk shahridan olingan ko‘plab fotosurat va videolar paydo bo‘ldi, ularda butun shahar smog bilan qoplanganini ko‘rish mumkin. 14 fevral kuni shaharda uch kun davomida “Noqulay ob-havo sharoiti rejimi” yoki mahalliy aholi tili bilan aytadigan bo‘lsa "qora osmon" rejimi joriy qilindi.

Bunday muammo uzoq vaqtdan beri Krasnoyarskda mavjud. Bu holat shaharning jug‘rofiy joylashuvi, hududi va shaharda sanoat korxonalarining ko‘pligi bilan izohlanadi. Shaharda “Noqulay ob-havo sharoiti rejimi” ko‘pincha qishda joriy etiladi. Faqat bu yilgi qishda "qora osmon" rejimi olti marta joriy etildi va ba’zan ikki yoki uch kun davom etdi.

Shahar rasmiylari bunga qarshi turli choralar ko‘rmoqda. Masalan, "qora osmon" rejimi vaqtida korxonalardan kamroq chiqindi chiqarish talab qilindi. Ammo hamma ham bu talabni bajarmadi. 17 fevralda viloyat tabiatni muhofaza qilish vazirligi 67 ta korxona javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.

Mana shu hafta Krasnoyarsk, Moskva va Rossiyaning boshqa bir qator shaharlarida "qora osmon" ga qarshi yagona piketlar bo‘lib o‘tdi. Mart oyida Krasnoyarsk aholisi shahar markazida miting o‘tkazmoqchi. Namoyishchilarni shvetsiyalik ekofaol Greta Tyunberg qo‘llab-quvvatladi.

22 fevral kuni Krasnoyarsk merining matbuot xizmati rasmiylarning ekologik vaziyatni yaxshilash rejasi borligini aytdi. Unga ko‘ra, kam samara beradigan qozonxonalar almashtiriladi: ularning 75 tasi allaqachon yopib qo‘yilgan. Jamoat transporti ham asta-sekin yangilanmoqda va obodonlashtirishga yangicha yondashuvlar qo‘llanilmoqda.

Smog muammosiga nafaqat Krasnoyarsk, balki Sibirning boshqa yirik shaharlari ham duch kelmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Krasnoyarsk - Krasnoyarsk o‘lkasining markaziy shahri. 1628 yilda Krasnoyarsk qo‘rg‘oni sifatida qo‘llanila boshlangan. Ma’nosi turkcha - “Qizil jar” so‘zidan olingan. Sababi Yeniseyga qarab oquvchi Kachi daryosining qirg‘oqlari qizil toshlarga mo‘lligi bilan izohlanadi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, uning nomini ruschaga tarjima qilishgan va shunday atay boshlashgan. 1822 yilda Krasnoyarskka shahar maqomi berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Krasnoyarsk

Baholaganlar

118

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing