“Qiyomat quroli”, yangi virus va qo‘rquvda o‘tgan parad – Weekend
Tahlil
−
10 may 6191 18 daqiqa
Dunyoning turli burchaklarida go‘yoki bir vaqtning o‘zida bir necha spektakllar davom etmoqda. Moskvada Putin dronlar hujumidan xavotirda. U hatto mamlakatning eng muhim tadbirini, “G‘alaba kuni” paradini qisqartirilgan formatda o‘tkazdi. Hormuz bo‘g‘ozida AQSH va Eron bir-birini blokada qilish bilan ovora. Trampning yangi boshlagan operatsiyasi ish bermadi. Turkiya esa navbatdagi “qiyomat quroli”ni namoyish qildi. Vatikan va Oq uy o‘rtasidagi g‘alati “sovuq urush”ni yakunlash Marko Rubioning zimmasiga tushdi. Atlantika okeanida paydo bo‘lgan virus esa, tobora xavfli tus olmoqda. Bugun ushbu maqolada bir haftaning ichida sodir bo‘lgan eng muhim voqealar haqida gaplashamiz.
Qizil maydon
Rossiyada bu galgi “G‘alaba kuni” bayrami eng diqqatga sazovor tadbirlardan biri bo‘ldi. Ukraina bilan urushlar fonida kamtaronalashib qolgan bu galgi bayram hali bo‘lib o‘tmasidanoq keng muhokamalarni keltirib chiqardi.
Avvalroq, 29 aprel sanasida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov G‘alaba paradida harbiy texnikalar qatnashmasligini e’lon qilgan edi. Ushbu format qisqartirilishiga asosiy sabab sifatida Ukraina tomonidan uyushtirilishi mumkin bo‘lgan dron hujumlari keltirildi.
“Bilasizki, yirik bayramlar arafasida va albatta, mamlakatimizdagi ehtimol eng muhim bayram – G‘alaba kuni arafasida tegishli maxsus xizmatlar tomonidan har doim qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘riladi”, – dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnallistlarga.
2022 yilda Ukrainaga hujumlar qayta boshlangandan beri yil sayin paradning harbiy hashamati kamayib borayotgan edi. 2023 yil 3 may kuni Kremldagi Senat gumbaziga dron hujumi amalga oshirilgandan keyin Rossiya tomoni tushundiki, urush yuzlab kilometr uzoqlikdagi front maydonlarida emas, “naqd burnining ostida” kechmoqda.
Garchi Ukraina tomoni tinch aholi ko‘p bo‘lgani tufayli bayram vaqtida hujumlar uyushtirilmasligini e’lon qilgan bo‘lsa-da, Kreml xavfsizlikka e’tiborni kuchaytirishda davom etdi. Hujumni oldini olish maqsadida Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Ukraina bilan urushda 8 va 9 may kunlari – “G‘alaba kuni” munosabati bilan bir tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy etilishini ma’lum qildi. Vazirlik bayonotida aytilishicha, Rossiya Qurolli kuchlari bayram tadbirlari xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. Moskva shuningdek, Ukraina tomoni ham ushbu tashabbusga qo‘shilishiga umid bildirgan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa, qisqa muddatli pauzalar urushga yakun emasligini aytib o‘tgan.
“Ular Ukrainadan o‘z paradlarini xavfsiz o‘tkazish uchun ruxsat so‘rayotgandek. Bir soat tinch turib, keyin yana odamlarimizni o‘ldirish va urushni davom ettirishni xohlashyapti”, degan Ukraina yetakchisi.
Shuningdek, u Rossiyaga tashrif buyurmoqchi bo‘lgan davlat vakillariga murojaat qilib, buni Ukraina tomoni tavsiya qilmasligini bildirgan. Ba’zilar buni Ukraina tomonidan hujum uyushtirilishi mumkinligi haqida signal deb qabul qilgan bo‘lsa, mutaxassislarning fikricha, qator xalqaro vakillarning Qizil maydonda jam bo‘lishi harbiy harakatlarni oldini oluvchi tabiiy, diplomatik qalqon vazifasini o‘taydi. Negaki, bunday keng siyosiy davralarga qurol bilan borish xalqaro doiralarda jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lishini Kiyev tomoni ham yaxshi tushunib turibdi.
8 may kuni esa, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G‘arb davlatlarini ogohlantirib, agar ular Kiyev orqali G‘alaba kunini nishonlashga to‘sqinlik qilsa, ularga shafqat bo‘lmasligini aytib bayonot berdi.
“Men mas’uliyat bilan va ochiqchasiga aytmoqchiman: agar G‘arbda qayta bosh ko‘tarayotgan natsistlar Ukraina orqali hozir qilayotgan ishlarini amalga oshirsa, ularga shafqat bo‘lmaydi”, degan u.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, “Urushlarni tugatishni sevuvchi urushqoq” Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida uch kunlik sulh tuzilganini e’lon qildi. O‘zi shundoq ham Rossiya ikki kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini e’lon qilgan, xorijiy mehmonlar va gumanitar tamoyillar tufayli shundoq ham Kiyevdan hujumlar uyushtirilmasligi aniq bo‘lgan bir paytda Oq uy rahbari o‘z odatiga sodiq qolgan holda bu tanaffusni o‘z nomiga rasmiylashtirib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Shu bilan birga u, bu kelishuv yakuniy sulhning debochasi ekanini aytib, muzokaralar davom etayotganini ma’lum qilgan.
“RBK-Ukraina” portalida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari 9 may kuni hujum qilish mumkin bo‘lgan nishonlar ro‘yxatidan Moskvadagi Qizil maydonni chiqarib tashlagan. Nashrning yozishicha, Ukraina qolgan barcha Rossiya hududlariga nisbatan reja asosida harakat qiladi, ya’ni Rossiya tomoni o‘q uzmasa, Ukraina ham o‘q uzmaydi, Rossiya raketa uchirmasa, Ukraina ham zarba bermaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, Kiyevning otashkesimga rozi bo‘lishida Rossiya asirligidagi ming nafar ukrainalik harbiyni qaytarish maqsadi katta rol o‘ynagan. 8 may kuni Zelenskiy tomonidan imzolangan farmonga ko‘ra, Kiyev vaqti bilan 9 may soat 10:00 dan boshlab parad yakunlangunga qadar Qizil maydon Ukraina armiyasi zarbalari uchun taqiqlangan hudud deb belgilandi. E’tibor bering, faqat Qizil maydon.
Joriy yil hali may oyi boshlanmasidan paradning qisqartirilishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. 7 may sanasida Kreml matbuot xizmati G‘alaba kunini nishonlash uchun Moskvaga tashrif buyuruvchi “xorijiy delegatsiyalar” rahbarlari ro‘yxatini e’lon qilgandi.
Ular orasida:
- Abxaziya Respublikasi Prezidenti Badra Gunba rafiqasi bilan
- Belaruslik Aleksandr Lukashenko
- Laos Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Txonglun Sisulit
- Malayziya Oliy hukmdori sulton Ibrohim
- Slovakiya Respublikasi Hukumat raisi (Bosh vaziri) Robert Fitso
- Janubiy Osetiya Respublikasi Prezidenti Alan Gagloyev
- Serbiya Respublikasi (Bosniya va Gersegovina) Prezidenti Sinisha Karan
- Serbiya Respublikasi Parlamenti raisi Nenad Stevandich rafiqasi bilan
- Serbiya Respublikasi "Mustaqil sotsial-demokratlar ittifoqi" partiyasi raisi Milorad Dodik rafiqasi bilan taklif etilgandi xolos.
Ko‘pchilikda, “nega Moskva uchun muhim ittifoqchilardan bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari taklif etilmadi”, degan savol tug‘ilgandi. Ammo an’analarga sodiq qolgan holda mintaqa rahbarlari Rossiyaga tashrif buyurdi va bayram tadbirlarida ishtirok etdi.
8 may kuni Moskva shahridagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Suhbat avvalida davlat rahbarlari G‘alabaning 81 yilligi munosabati bilan bir-birini samimiy qutlagan.
Uchrashuv doirasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini avvalgi oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan.
Bu voqea ortidan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham Rossiya rahbari bilan alohida uchrashuv o‘tkazdi va tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro aloqalarni mustahkamlash masalasida kelishib olishdi. E’tiborli jihati shundaki, Putin To‘qayev bilan birga Shavkat Mirziyoyevga ham tashqi bosim va tahdidlarga qaramasdan Moskvaga kelgani uchun minnatdorlik bildirgan.
Yaqin Sharqdan esayotgan sovuq shamol
Ular urushishdan, biz esa gapirishdan charchamadik. Yaqin Sharqda AQSH va Eron o‘rtasida ziddiyat hanuz davom etmoqda. Voqealar rivoji shuni ko‘rsatmoqdaki, Fors ko‘rfazidagi har qanday kichik harbiy harakat global iqtisodiyot, energetika bozori va xalqaro dengiz savdosini darhol “oyog‘idan chaladi”. Negaki, Hormuz ko‘p bora ta’kidlaganimizdek, iqtisodning asosiy qon tomirlaridan birida joylashgan muhim suv yo‘lagidir. Gap uning ustidan nazorat va bosim siyosati haqida ketarkan, tomonlar yagona to‘xtamga kela olmayapti.
4 may kuni AQSH ma’muriyati “Project Freedom” (“Ozodlik loyihasi”) operatsiyasi boshlanganini rasman e’lon qildi. Operatsiyaning asosiy maqsadi — Hormuz bo‘g‘ozida to‘xtab qolgan yoki harakatlanishi cheklangan tijorat kemalarini eskort qilish (xavfli hududdan harbiy kuzatuv va himoya ostida olib o‘tish) va xalqaro dengiz yo‘llarining ochiqligini saqlab qolish edi.
Trampning aytishicha, bu kemalar Yaqin Sharqdagi mojaroga umuman aloqador emas. Ular “oddiy, aybsiz va neytral kuzatuvchilar” bo‘lib, yuzaga kelgan vaziyat qurboniga aylangan.
Fevral oyidan beri davom etayotgan AQSH-Eron keskinligi tufayli mintaqada sug‘urta xarajatlari oshgan, ko‘plab yuk kompaniyalari Fors ko‘rfaziga kirishni vaqtincha cheklagan edi. Energetika bozorida har qanday yangi to‘qnashuv neft narxining navbatdagi sakrashi sifatida qabul qilinmoqda.
“Chiqarilgan kemalar hudud xavfsiz bo‘lmaguncha Hormuz bo‘g‘oziga qaytmaydi. Agar operatsiyaga to‘sqinlik qilinsa, AQSH bunga kuch bilan javob berishi mumkin”, degan Tramp.
Eron parlamentining milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Ibrohim Asisiy AQSH aralashuvi o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzish sifatida baholanishi mumkinligini ma’lum qildi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining sobiq raisi va Eron Oliy rahbarining harbiy maslahatchisi Muhsin Rizoiy esa, agar AQSH bo‘g‘ozdagi dengiz blokadasini davom ettirsa, amerikalik harbiylar va kemalarni “qabriston”ga aylantirish bilan tahdid qildi.
“AQSH aviatashuvchiga ega dunyodagi yagona qaroqchi davlat sanaladi. Bizning qaroqchilarga qarshi kurashish qobiliyatimiz harbiy kemalarni cho‘ktirish imkoniyatlarimizdan aslo qolishmaydi. Samolyotingiz qoldiqlari Isfahonda qolganidek, kemalaringiz va qo‘shinlaringizni ham qabristonga tushishiga tayyor turing”, degan Rizoiy.
Operatsiyaning ilk kunlaridayoq keskin to‘qnashuvlar yuz berdi. “Fars” manbasiga ko‘ra, Eron harbiy-dengiz kuchlari Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida AQSH kemasiga hujum qilgan va bo‘g‘oz hududiga kirishining oldini olgan. AQSH Markaziy qo‘mondonligi esa Eronning bir nechta tezkor harbiy qayiqlari yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, AQSH harbiylari Eron tomonidan uchirilgan ayrim raketa va dron tahdidlarini bartaraf etgani haqida xabarlar tarqaldi.
Tez fursatda harbiy harakatlar trayektoriyasi o‘zgarib, Eron tomoni Birlashgan Arab Amirliklari kemalariga hamda boshqa strategik nuqtalarga qator hujumlarni boshladi. BAA Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Abu Dabi neft-gaz kompaniyasiga (ADNOC) tegishli tanker bo‘g‘ozdan o‘tayotgan paytda ikki dron hujumiga uchragan. Rasmiylar bu harakatni xalqaro dengiz yo‘llaridagi erkin harakatga zid, BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini buzuvchi harakat sifatida baholagan. Vaholanki ushbu rezolyutsiyani Tehron to‘laqonli ratifikatsiya qilmagan.
Shuningdek, 5 may kuni mintaqada neft eksport qilishda davom etayotgan kam sonli terminallardan biri hisoblanuvchi Fujayra amirligida joylashgan neft qayta ishlash hududida ham dron hujumlari qayd etilgan. Amirlik hukumati matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, BAA hududida havo hujumidan mudofaa tizimlari faol ishlamoqda. Rasmiylar to‘rtta Eron raketasi aniqlanganini bildirgan. Ularning uchtasi dengiz ustida yo‘q qilingan, to‘rtinchisi esa dengizga tushgan.
“Mamlakatning turli hududlarida eshitilayotgan tovushlar – bu BAA havo mudofaa tizimlarining ishlashi natijasidir”, deyiladi xabarda.
Ammo Eron tomoni ushbu hujumlarni rad etmoqda. Eron davlat teleradiokompaniyasi orqali e’lon qilingan xabarga ko‘ra, Tehron oldin ham hozir ham BAA hududiga hujum qilishni rejalashtirmagan.
Bunday bir-biriga teskari bayonotlardan so‘ng, odamda turli xulosalar paydo bo‘ladi. Kimdir “AQSH Eron dronlarining prototipini yasagan holda mintaqa davlatlariga o‘zi hujum qilib, Tehronni yomonotliq qilmoqchi”, desa, boshqalar “hujumlarni Eron o‘z qo‘li bilan emas, proksi guruhlar yordamida uyushtiryapti”, degan farazni ilgari suryapti. Mutloq haqiqat qayerda, buni bilish mushkul.
Ko‘zlagan rejasi amalga oshmaganini ko‘rgan AQSH rahbari darhol “Ozodlik loyihasi” vaqtincha to‘xtatilganini aytdi. Davlat kotibi Marko Rubio esa avvalroq “Epik g‘azab” operatsiyasi yakunlanganini va barcha maqsadlar bajarilganini bildirgandi. Bir so‘z bilan aytganda, Oq uy ma’muriyati geosiyosiy chigallikdan chiqolmagach, “biz niyatimizga erishdik”, “o‘zimizga keragini oldik”, deb vaziyatdan obro‘sini tushirmagan holda chiqishga urinayotgan ko‘rinadi. Boshqacha qilib aytganda, Tramp “o‘zi pishirgan oshni yeya olmay, qornim to‘q”, deb o‘yindan chiqmoqchi. Taxmin qilib bo‘lmaydigan deb “e’tirof etilgan” Tramp siyosatining kun kelib bunday yo‘l tutishi oldindan ma’lum edi aslida.
Ammo, xulosa qilishga erta, Tehron bu gal “tanaffus”ga rozi bo‘lmasligi ehtimoli yuqori. Bu esa Yaqin Sharqdan esayotgan sovuq shamolning hali-beri tinmasligidan dalolat beradi.
Turkiya qurollanmoqda
Bugungi voqelik dunyo hanuz kuchlining zaif ustidan hukmronligini, “qudratlilar qoidalarni o‘rnatadi” degan klassik qarash bilan yashayotganini ko‘rsatmoqda. Bir tomonda Rossiyaning Ukrainaga boshlagan hujumlari, boshqa tomondan esa AQSHning so‘nggi yillarda amalga oshirayotgan harbiy amaliyotlari.
Mintaqada Isroilning asosiy raqibi bo‘lgan Eronning bugungi holini ko‘rgan Anqara tushunib yetdiki, ertaga bu balolar uning ham boshiga tushishi mumkin. Negaki “Katta Isroil” mafkurasining amalda qo‘llanishi ertami-kechmi Turkiya chegaralariga ham yetib kelishini tushunish qiyin emas.
Odatda Turkiya mudofaa sanoati haqida gap ketganda ko‘pchilikning xayoliga avvalo Bayraktar dronlari, Suriya va Liviyadagi harbiy operatsiyalar yoki NATO ichidagi murakkab siyosiy o‘yinlar kelardi. Ammo, 2026 yil 5 may sanasida Istanbulda bo‘lib o‘tgan SAHA EXPO-2026 ko‘rgazmasi Anqaraning ambitsiyalari bundan ancha kattaroq ekanini ko‘rsatdi. Turkiya “Yildirimxon” deb nomlangan ilk qit’alararo ballistik raketasini (ICBM) ommaga namoyish qildi va shu bilan dunyoga juda aniq signal yubordi: Anqara endi faqat mintaqaviy emas, balki strategik darajadagi harbiy kuch, endi u bilan ham hisoblashish kerak.
Bu oddiy qurol taqdimoti emas edi. Bu — Turkiyaning so‘nggi yigirma yil davomida qadamma-qadam olib borgan geosiyosiy transformatsiyasining navbatdagi bosqichi edi. Chunki, bugungi Turkiya o‘zini faqat NATOning janubiy qanotidagi davlat sifatida emas, balki mustaqil strategik markaz sifatida ko‘rmoqda. “Yildirimxon”ni esa aynan shu strategik mentalitetning mahsuli deyish mumkin.
Raketaning ilk ma’lumotlari 2026 yil 5–6 may kunlari o‘tkazilgan SAHA EXPO-2026 xalqaro mudofaa, aviatsiya va kosmik sanoat ko‘rgazmasida paydo bo‘ldi. “Istanbul Expo Center”da o‘tkazilgan ko‘rgazmada Turkiya Milliy mudofaa vazirligining ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgani aytilgan ushbu raketa ilk bor ommaga ko‘rsatildi.
E’lon qilingan xususiyatlari xalqaro ekspertlar e’tiborini tortdi. “Yildirimxon”ning taxminiy uchish masofasi 6000 kilometr deb ko‘rsatildi. Bu esa raketani qit’alararo ballistik raketalar sinfiga yaqinlashtiradi. Raketa Max 9 dan Max 25 gacha tezlikka chiqishi mumkinligi aytilmoqda. Yana ham sodda qilib tushuntirganda, oddiy samolyotda 7 soatda uchib borish mumkin bo‘lgan manzilga Max 25 tezligi bilan 10-15 daqiqada yetib olish mumkin. Tasavvur qildingiz-a? Agar bu ko‘rsatkichlar real jangovar konfiguratsiyada ham tasdiqlansa, raketa zamonaviy havo mudofaa tizimlari uchun juda murakkab nishonga aylanishi mumkin.
Raketaning yana bir muhim jihati — uning yonilg‘i tizimi. Manbalarga ko‘ra, “Yildirimxon” azot tetraoksidi asosidagi suyuq yonilg‘idan foydalanadi va to‘rtta raketa dvigateliga ega. Shuningdek, taxminan 3000 kilogramm og‘irlikdagi jangovar kallakni tashishga qodirligi aytilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, navbatdagi “qiyomat quroli”.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘an davridagi Turkiya asta-sekin klassik NATO ittifoqchisi modelidan uzoqlashib, ko‘proq strategik avtonomiya modeliga o‘ta boshladi. AQSH bilan F-35 mojarosi, Rossiyadan S-400 xarid qilinishi, Sharqiy O‘rta Yer dengizidagi gaz ziddiyatlari, Suriya shimolidagi operatsiyalar — bularning barchasi Anqaraga bir narsani ko‘rsatmoqda: katta davlat bo‘lish uchun o‘z harbiy-sanoat bazasiga ega bo‘lish kerak.
Shu sababli Turkiya mudofaa sanoatiga milliardlab dollar investitsiya qildi. Bayraktar TB2 dronlari Ukraina urushida global brendga aylandi. “AKINCI” og‘ir droni Turkiyaning uzoq masofali zarba imkoniyatlarini kengaytirdi. “HISAR” havo mudofaa tizimi ishlab chiqildi. “KAAN” beshinchi avlod qiruvchisi loyihasi tezlashtirildi. Endi esa,“Yildirimxon” bilan Anqara strategik raketa klubiga kirishga urinmoqda.
Xullas, endi Turkiya Qora dengiz bo‘yidagi turistik hudud yoki harbiy jihatdan dron ishlab chiqaruvchi davlat maqomi bilan cheklanib qolishni istamayapti. “Yildirimxon” esa Turkiyaning ambitsiyasi kutilganidanda kengroq ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Papa bilan yarashuv
Davlatlarni davlatlar bilan urushishiga-ku o‘rganib qoldik. Ammo Tramp bizni kutishlarimizdan ham ko‘prog‘iga qodir. Uning prezidentlik muddatining ikkinchi yilida dunyo siyosatidagi eng g‘alati va kutilmagan qarama-qarshiliklardan biri Oq uy bilan Vatikan o‘rtasida yuzaga keldi. Bir tomonda – AQSH prezidenti Donald Tramp, ikkinchi tomonda esa katolik dunyosining ruhiy yetakchisi Papa Lev XIV turardi. Mojaro Yaqin Sharqdagi urush, immigratsiya siyosati, insonparvarlik va global liderlik haqidagi mutlaqo qarama-qarshi qarashlar o‘rtasida kechdi.
May oyiga kelib esa, Vashington va Vatikan o‘rtasidagi taranglik shunday darajaga yetdiki, AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Rim va Vatikanga safari deyarli “yarashtirish missiyasi” sifatida talqin qilina boshlandi.
Aslida, keskinlikning ildizi bir necha oy avval paydo bo‘lgan edi. Papa Lev XIV — tarixdagi ilk amerikalik papa sifatida saylanganidan keyin dastlab Tramp tomonidan iliq kutib olingandi. Biroq 2026 yilda AQSHning Eron bilan bog‘liq harbiy kampaniyalari kengaya boshlagach, Vatikan tobora keskinroq ohangda urushga qarshi chiqdi. Papa ommaviy chiqishlarida global liderlarni “nafrat va qurol iqtisodiyoti”dan voz kechishga chaqirdi, urushni esa insoniyatning ma’naviy inqirozi sifatida tasvirladi.
Prezident Tramp esa, bir necha bor papani tanqid qildi. Ayrim chiqishlarida u Lev XIVning pozitsiyasi “katoliklarni xavf ostida qoldirayotganini” iddao qildi. Mojaro ayniqsa Eron urushi fonida kuchaydi. Tramp hatto papaning pozitsiyasini Eronning yadroviy ambitsiyalariga bilvosita yon berish sifatida talqin qilishga urindi. Vatikan esa bunday ayblovlarni keskin rad etdi. Papa Lev XIV urushni tanqid qilish Eronni qo‘llab-quvvatlash degani emasligini ta’kidladi. U bir necha marotaba katolik cherkovi tarixan yadroviy qurollarga qarshi bo‘lib kelganini eslatdi.
Shu tariqa mojaro siyosiy bahsdan ko‘ra kattaroq narsaga aylandi. Bu — davlat kuchi va ma’naviy “avtoritet” o‘rtasidagi to‘qnashuv edi. Bir tomonda “kuch orqali xavfsizlik” doktrinasiga tayanayotgan Tramp administratsiyasi, ikkinchi tomonda esa urushni insoniy va axloqiy nuqtai nazardan qoralayotgan Vatikan turardi.
Ayrim tahlilchilar bu vaziyatni zamonaviy tarixdagi eng noodatiy diplomatik qarama-qarshiliklardan biri deb atadi. Chunki odatda Vatikan va AQSH o‘rtasida keskin ideologik farqlar bo‘lsa ham, ochiq va shaxsiy hujumlar darajasiga kamdan-kam chiqilgan.
Shunday fon ostida 7 may kuni Marko Rubio Vatikanga tashrif buyurdi. U Papa Lev XIV bilan qariyb ikki yarim soat davomida suhbatlashdi. Bu Tramp administratsiyasi vakilining papa bilan bir necha oy ichidagi ilk yirik uchrashuvi edi. Manbalarning ta’kidlashicha, Rubio uchrashuv davomida keskin ritorikadan qochishga harakat qildi. Vatikan ham, AQSH Davlat departamenti ham tomonlar “munosabatlarni yaxshilash” va “tinchlik yo‘lida hamkorlik qilish” istagini bildirganini ma’lum qildi. Biroq Vatikan bayonotining ehtiyotkor va sovuq diplomatik tili ekspertlar e’tiborini tortdi.
Shunga qaramay, uchrashuvning o‘zi muhim signal edi. Chunki Vashington ham, Vatikan ham mojaroning chuqurlashishi hech kimga foyda bermasligini tushunmoqda. AQSH uchun Vatikan bilan ochiq qarama-qarshilik siyosiy jihatdan xavfli. Chunki millionlab amerikalik katoliklar AQSH ichki siyosatida muhim elektorat hisoblanadi. Ayniqsa Papa Lev XIV amerikalik bo‘lgani uchun uning Tramp bilan ochiq ziddiyati AQSH ichkarisida ham rezonans uyg‘otmoqda.
Bugungi dunyoda davlatlar o‘rtasidagi mojaro odatiy holga aylangan bir paytda, Oq uy bilan Vatikan o‘rtasidagi bu qarama-qarshilik o‘ziga xos edi. Chunki bu yerda gap faqat siyosat haqida emasdi. Bu mojaro kuch va axloq, geosiyosat va e’tiqod, harbiy realizm va insonparvarlik o‘rtasidagi to‘qnashuvga aylandi.
Va ehtimol, aynan shu sababli ham Vatikandagi uchrashuv oddiy diplomatik protokoldan ko‘ra ko‘proq narsani anglatmoqda — bu tinchlikni saqlab qolishga qilingan urinish edi.
Hantavirus epidemiyasi
Atlantika okeanida harakatlanayotgan bitta kruiz kemasi atrofida boshlangan tibbiy favqulodda vaziyat bir necha kun ichida global sog‘liqni saqlash tizimi e’tiborini ham tortdi. “MV Hondius” nomli Niderlandiya bayrog‘i ostidagi ekspeditsiya kemasida hantavirus bilan bog‘liq ehtimoliy epidemiya qayd etilgani, uch kishining halok bo‘lishi va yana bir necha yo‘lovchining og‘ir ahvolga tushgani haqidagi xabarlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ni ham xavotirga soldi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, Ispaniya hukumati virus tarqalgan kemani Kanar orollariga qabul qilishga majbur bo‘ldi. Isroilda esa hantavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. JSST esa, virusning ko‘payishi mumkinligidan rasman ogohlantirdi.
Aslida hantavirus ilk bor 1950 yillarda Koreya urushi davrida aniqlangan. Virus nomi Janubiy Koreyadagi Hantan daryosi nomidan olingan bo‘lib, dastlab askarlar orasida tarqalgan sirli isitma kasalligi orqali e’tibor qozongan. Keyinchalik olimlar kasallikning asosiy manbai kemiruvchilar — ayniqsa kalamush va sichqonlar ekanini aniqladi. Kasallik kam uchrasa-da, og‘ir holatlarda o‘pka va yurak faoliyatining izdan chiqishiga olib keladi. Ayrim shtammlarining o‘lim darajasi juda yuqori hisoblanadi.
2026 yil may oyida esa, hantavirus yana dunyo sarlavhalariga chiqdi. Bu safar sabab — Atlantika okeanidagi kruiz kemasi bo‘ldi. “Reuters”, “APnews” va JSST ma’lumotlariga ko‘ra, “MV Hondius” kruiz kemasi taxminan uch hafta oldin Argentinadan yo‘lga chiqqan. Kema Antarktida, Folklend orollari va Janubiy Atlantikadagi ayrim hududlar bo‘ylab ekspeditsion sayohatni amalga oshirayotgan edi. Bortda qariyb 150 yo‘lovchi va o‘nlab ekipaj a’zolari bo‘lgan.
Kasallikning ilk qurboni 70 yoshli Niderlandiya fuqarosi bo‘ldi. U kemada isitma, bosh og‘rig‘i va oshqozon bilan bog‘liq simptomlardan keyin vafot etgan. Keyinchalik uning turmush o‘rtog‘i ham Janubiy Afrikadagi aeroportda hushidan ketib, shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi. Oradan ko‘p o‘tmay yana bir Germaniya fuqarosi ham halok bo‘ldi. Britaniyalik yo‘lovchilardan biri esa, Yoxannesburgdagi shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizildi. Aynan shu bemorda hantavirus laboratoriya orqali tasdiqlangan.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha bitta holat rasman tasdiqlangan bo‘lsa-da, yana beshta gumon qilinayotgan holat mavjud. Tashkilot epidemiologik tekshiruvlar davom etayotganini, virusning genetik sekvensiyasi o‘rganilayotganini va xalqaro sog‘liqni saqlash tizimlari o‘rtasida koordinatsiya olib borilayotganini ma’lum qildi.
Vaziyatning eng murakkab jihatlaridan biri shundaki, kruiz kemasi bir necha kun davomida Kabo-Verde yaqinida qolib ketdi. Mahalliy hukumat dastlab yo‘lovchilarning tushishiga ruxsat bermadi. Natijada kemadagi kasallik xalqaro diplomatik va tibbiy muammoga aylandi. Keyinchalik JSST tavsiyasi asosida Ispaniya “MV Hondius” kemasining Kanar orollariga kirishiga ruxsat berdi. Madrid bunga sabab sifatida Kabo-Verde zarur tibbiy infratuzilmaga ega emasligini ko‘rsatdi.
Hantavirus atrofidagi xavotir Atlantika bilan cheklanib qolmadi. Isroilda ham hantavirus bilan kasallanishning ilk holati qayd etildi. Bu esa virusga oid global xavotirlarni yanada kuchaytirdi. Ayniqsa, JSST hantavirus holatlari ko‘payishi mumkinligidan ogohlantirgani vaziyatga jiddiy tus berdi.
Biroq ekspertlar hozircha keng ko‘lamli pandemiya xavfi haqida gapirishga asos yo‘qligini aytmoqda. Chunki hantavirus COVID-19 kabi yuqori darajada odamdan odamga tez yuqadigan virus emas. Kasallik asosan kemiruvchilar bilan bog‘liq sanitariya muammolari orqali tarqaladi. Shunga qaramay, kruiz kemasi bilan bog‘liq holat xalqaro sayohatlar va yopiq muhitlarda biologik xavfsizlik masalasi hanuz dolzarb ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Yakuniy xulosa shundan iboratki, geosiyosiy maydon doimgidek xaos holatida: kimdir urushmoqchi, kimdir esa sulh yo‘lini qidirmoqda, ba’zilar esa qurollanishni boshlab yuborgan. O‘zi shundoq ham viruslar, ekologik muammolar zamonida yashab turgan inson o‘z “yakunini” tezlashtirish yo‘lida shahdam qadamlar bilan odimlamoqda.
Live
Barchasi