Qit’alararo raketalar va dronlar namoyishi. Kim Chen Inning harbiy paradi qanday o‘tdi? (fotoreportaj)
Olam
−
28 iyul 2023
10554Kecha, 27 iyul kuni Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyanda harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatning eng so‘nggi harbiy va razvedkachi dronlari, qit’alararo ballistik raketalari namoyish etildi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
1950-1953 yillardagi Koreya urushi tugaganining 70 yilligi munosabati o‘tkazilgan mazkur harbiy paradda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In va davlatning boshqa rasmiylari bilan bir qatorda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu hamda Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Li Xonchjong ham ishtirok etdi.
Tadbirda joriy yilda ikki marta sinovdan o‘tkazgan “Xvason-17” raketalari va qattiq yonilg‘i dvigateliga ega yangi “Xvason-18” qit’alararo ballistik raketalari namoyish etildi. Shuningdek, parad davomida dronlar parvozi amalga oshirildi.
Ma’lumot uchun, Shimoliy Koreyada oxirgi harbiy parad shu yilning fevral oyida Koreya xalq armiyasi tashkil etilganining 75 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan. Unda taktik raketalar ekipajlari, uzoq masofali qanotli raketalar, taktik yadroviy kuchlarning qismlari va qit’alararo ballistik raketalar, xususan, Shimoliy Koreyaning eng yirik qit’alararo ballistik raketasi bo‘lgan “Xvason-17” ning ham 11 tasi namoyish qilingan. Paradga Kim Chen In qizi Chju E bilan birga kelgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 iyul kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan birga Pxenyandagi 2023 yilgi qurol ko‘rgazmasiga borgan va unga Amerikaning MQ-9 Reaper va Global Hawk razvedka uchuvchisiz samolyotlariga o‘xshash KXDRning yangi dronlarini ko‘rsatgandi.
LiveBarchasi