Qishloq xo‘jaligi vazirligi kartoshka narxi qachon tushishini aytdi
Jamiyat
−
30 yanvar
84576So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda kartoshkaning narxi 12 ming so‘mga yetgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot berdi.
Qayd etilishicha, olib borilgan monitoring natijalariga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent shahridagi “Food City” dehqon bozorida 1 kg kartoshkaning o‘rtacha narxi 8,5 ming so‘mni tashkil etmoqda (minimal 7,5 ming so‘m, maksimal 9 ming so‘m). Shuningdek, barcha hududlardagi arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida kartoshka 5-6 ming so‘m narxida sotilmoqda.
Toshkentning yirik bozorlarida esa kartoshkaning narxi quyidagicha:
- Aviatsiya, Qo‘yliq, Mirobod, Yunusobod bozorlarida – 9 000 so‘m
- Sirg‘ali, Farhod, Chilonzor, Eski Juva, Qoraqamish, Askiya, Oloy bozorlarida – 10 000 so‘m.
Bildirilishicha, kartoshkaning qimmatlashishiga bir qator omillar sabab bo‘lmoqda. Masalan, takroriy ekilgan maydonlardan yetarli hosil olinmagan. 2024 yil hosili uchun 1 mln tonna kartoshka yetishtirilgan, ammo noyabr-aprel davrida 1,7 mln tonna zarur. Yig‘ilgan hosil talabning faqat 44 foizini qoplaydi. Takroriy ekish uchun urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i va boshqa resurslar qimmatlashgan. 1 gektar kartoshka ekish uchun 55-60 mln so‘m sarflanmoqda, bu boshqa ekinlarga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p.
Ishlab chiqarish tannarxi: oxirgi 4 yilda kartoshka narxi 173 foizga oshgan. Azotli o‘g‘it 173 foiz, kaliyli o‘g‘it 175 foiz, kimyoviy vositalar 202 foiz, dizel yoqilg‘isi 178 foiz, mexanizatsiya xizmatlari 170 foiz, elektr energiyasi 180 foiz qimmatlashgan. Shuningdek, o‘tgan yildan boshlab suv soliqlari va QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) ham qo‘shilgani kartoshka tannarxiga ta’sir qilmoqda.
Xorijda ham kartoshka narxlari oshgan. Xususan, Qozog‘istonda 2024 yilda 2,9 mln tonna kartoshka yetishtirilgan, bu 2023 yilga nisbatan 80 foizga kamaygan. Rossiyada ham kartoshka maydoni 33,9 ming gektarga qisqargan, oqibatda hosil 1,4 mln tonnaga kamaygan. Rossiyada o‘tgan yilning oktyabr oyida kartoshkaning o‘rtacha narxi 22-23 rublga oshgan, bu avvalgi narxlardan 1,5 barobar qimmat.
Kartoshka narxi barqarorlashtirilishi uchun quyidagi ishlar amalga oshirilgan:
- 245,6 ming tonna kartoshka zaxiraga olingan;
- 9,9 ming tonna mahsulot bozorlarga chiqarilgan.
Hozirda kartoshkalar arzonlashtirilgan yarmarkalarda 4000-4500 so‘mdan sotilmoqda.
Shuningdek, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Pokiston va Eron davlatlaridan 94,2 ming tonna kartoshka import qilingan, jarayonlarga to‘sqinlik qiluvchi ba’zi transport muammolari hal etilmoqda. Xususan, Sariq dovon ochilishi natijasida import hajmi ko‘paygan. Korxonalarga qo‘shimcha temiryo‘l vagonlari ajratilgan.
Bildirilishicha, kartoshka narxi tushishi uchun bir qator amaliy ishlar rejalashtirilgan bo‘lib, xususan, 2025 yil hosili uchun 122 ming gektar maydonga kartoshka ekilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, aprel-may oylarida yangi hosil bozorga chiqariladi va buning natijasida kartoshka narxi pasayishiga erishiladi. Amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida fevral-mart oylarida narxlar barqarorlashishi, aprel-may oylarida esa pasayishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda kartoshka narxi 1 oyda salkam 13 foizga oshgani yuzasidan munosabat bildirgan edi.
LiveBarchasi
Trenddagilar



