Qirg‘izistonga qariyb 80 mln rublni noqonuniy o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxs jazolandi
Jamiyat
−
24 may
3036Qariyb 80 mln Rossiya rublini Qirg‘iz Respublikasiga noqonuniy o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
2023 yilning dekabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod viloyati Ola-buqa tumani bilan chegaradosh bo‘lgan Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasi tomon harakatlangan Namangan shahrida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashina to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganida, uning salonida 3 dona polietilen qoplarga joylashtirilgan jami 79 mln 994 ming 900 Rossiya rubli borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan edi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur shaxs ushbu valyuta qimmatliklarini chegaradan o‘tkazib berishi evaziga ma’lum miqdorda xizmat haqi olishi kerak bo‘lgan va bunday noqonuniy harakatni muqaddam 4 marotaba amalga oshirgan.
Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan esa ushbu shaxs Jinoyat Kodeksining 25,28,182-moddasi (Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tezkor tadbir davomida undan ashyoviy dalil sifatida olingan 79 mln 994 ming 900 Rossiya rubli sud hukmiga muvofiq davlat egaligiga o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekistondan zanjir, tish qolipi hamda lom shaklidagi 1,4 kg oltinni kiyimlari ichiga yashirgan holda Qirg‘izistonga olib chiqib ketishga uringan shaxslar qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi