Qirg‘izistondan o‘tgan So‘x-Rishton yo‘li ochilmoqda

Jamiyat

image

Bugun, 1 aprel kuni Farg‘ona viloyatidagi Rishton va So‘x tumanini bog‘lab turuvchi Qirg‘iziston orqali o‘tgan yo‘lning ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Mazkur yo‘nalishidagi chegara nazorat-o‘tkazish punktlari buning uchun tayyor holatga keltirilgan.

Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasidagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlarining ochilishi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va turistik oqimni ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun So‘x tumani yuz foiz Qirg‘iziston yeri bilan o‘ralgan anklav hisoblanadi. Mazkur yo‘lning ochilishi So‘x tumani aholisi uchun katta qulayliklar yaratishi, shubhasiz. Tuman aholisi uchun yaqin yo‘l bo‘lgan bu bojxona chegara posti ancha yillardan oldin yopilgan bo‘lib, so‘xliklar viloyat markaziga kelishi uchun uzoq yo‘l bosib, soatlab vaqt sarflardi. Endilikda esa ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berilib, qisqa masofada So‘xga kirib boriladi.  

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Kamchibek Tashiyev O‘zbekistonning anklav hududi So‘x tumani uchun Farg‘onaga yo‘lak ochib berilmasligi, O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari muzokaralarda bu masalani gaplashmaganini aytgandi.

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi vaqtida “munosabatlarimiz tarixida ilk bor chegara bo‘yicha kim nima qilishi kerak, qachon qilishi kerakligi haqida qat’iy kelishib olinganini” aytgandi.

2020 yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi So‘x tumani Chashma qishlog‘ining Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati Qadamjoy tumani Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan “Chashma” bulog‘i bo‘yida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergan.

Ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan.

O‘tgan yilning noyabr oyidan buyon mazkur jinoyat ishini ko‘rish ishlari davom etayotgan bo‘lib, sud muhokamasi yakunlanmoqda.

Farg‘ona viloyat sudining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, "So‘x voqealari”ga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida olib borilib, ishni ko‘rishda 22 nafar sudlanuvchi, 36 nafar jabrlanuvchi va 21 nafar guvohlar so‘roq qilingan.

Eslatib o‘tamiz, chegara hududidagi to‘qnashuv ortidan O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov So‘x tumaniga borgandi. U Botken viloyatida Qirg‘iziston Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari (hozirda Bosh vazir) Kubatbek Boronov bilan uchrashgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

381

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing