Qirg‘izistondan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olib kirganlar ushlandi
3-sahifa
−
02 avgust
2986Qirg‘iz Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod viloyati Olabuqa tumanida yashovchi 39 yoshli fuqaro hamda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi 44 va 26 yoshli shaxslar o‘zaro kelishib, Qirg‘iz Respublikasidan O‘zbekistonga aylanma yo‘llar orqali 16 800 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kirgan. Ular dori vositalarini 36 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Shayxontohur tumanida yashovchi 1982 yilda tug‘ilgan fuqaroning yoni va avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda 15 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan. Shuningdek, uning tanishi bo‘lgan, 1978 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsning Uchtepa tumanidagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda 2967 dona “Regapen” dori vositasi topilgan va protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
“Farg‘ona-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia rusumli avtomashina Sergeli tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda Farg‘ona shahrida yashovchi 35 yoshli fuqaroga tegishli 1400 dona “Regapen”, 30 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 1989 yilda tug‘ilgan shaxsning Lacetti rusumli avtomashinasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda 6034 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur fuqaroning yashash xonadonidan ham 2800 dona “Regapen” dori vositalari topilgan.
“Ta’kidlash lozimki, barcha holatlarda musodara qilingan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari Qirg‘iz Respublikasidan mamlakatimizga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan. Hozirda holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistondan O‘zbekistonga giyohvand modda olib o‘tishga uringan jinoiy guruh a’zosi ushlangandi.
LiveBarchasi