Qirg‘izistonda “Vagner” jangchisi qamoq jazosiga hukm qilindi
Olam
−
05 yanvar
6188Qirg‘izistonning Norin viloyat sudi mamlakat fuqarosini “Vagner” tarkibida Ukrainadagi urushda qatnashgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqdagi sud qarori e’lon qilindi.
Norin viloyatida yashovchi 27 yoshli fuqaro 2023 yil avgust oyida Qirg‘izistonga qaytganidan uch hafta o‘tib qo‘lga olingan.
Mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, ushbu shaxsga nisbatan “Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosining xorijiy davlat hududidagi qurolli mojarolarda yoki harbiy amaliyotlarda ishtirok etishi yoki jinoyat sodir etish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tishi” moddasi bo‘yicha ish olib borilmoqda.
U Rossiyada qamoq jazosini o‘tayotib, mahbuslarni ommaviy yollash chog‘ida 2022 yil 1 noyabrda xususiy harbiy kompaniyaga a’zo bo‘lgan.
Shuningdek, u “Vagner”ning bir qator medallari, shu jumladan Baxmutni qo‘lga olgani uchun Rossiya Federatsiyasining davlat mukofoti – "Jasorat uchun" medali bilan taqdirlangan.
Qirg‘izistonda Ukrainadagi jangovar harakatlardagi ishtiroki yuzasidan ikkinchi marta jinoiy ish qo‘zg‘atilmoqda. Masalan, 2023 yilning may oyida 31 yoshli shaxs 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Biroq Oliy sud avvalgi instansiyalar qarorlarini bekor qilib, ishni tuman sudiga yangi ko‘rib chiqish uchun yuborgan.
LiveBarchasi