Qirg‘izistonda xonandalarga fonogrammada kuylash taqiqlandi

Madaniyat-san’at

image

2023 yilning 1 yanvaridan Qirg‘izistonda qo‘shiqlarni fonogramma orqali ijro etish taqiqlandi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligiga tayanib “Sputnik.kg” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, ayni vazirlik rahbari Oltinbek Maqsudov teatrlar, sport inshootlari, filarmoniyalar, konsert zallari, kinoteatrlar, klublar, muzeylar, kutubxonalar va ommaviy tadbirlarda qo‘shiqlarni fonogramma orqali ijro etishni taqiqlashga buyruq bergan.

Ushbu buyruq ijrosini ta’minlash, sanab o‘tilgan muassasa rahbarlariga yuklatilgan. Uning ijrosi ustidan nazoratni esa vazir o‘z zimmasiga olgan.

Qirg‘izistondagi bir nechta xorijiy va mahalliy OAV ham ushbu yangilikni chop etgan bo‘lishiga qaramay, Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi rasmiy saytidan rasmiy hujjatni topishning imkoni bo‘lmadi. Bundan anglashiladiki, vazirning buyrug‘i rasmiy maqomga ega bo‘lmasligi mumkin. 

Ma’lumot o‘rnida, Oltinbek Maqsudov 2022 yilning oktyabr oyida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov tomonidan mazkur lavozimga tayinlangan. U 2014–2016 yillarda ham ana shu vaqtdagi Qirg‘iziston madaniyat, axborot va turizm vazirligini boshqargan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning sentyabr oyida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov viloyat bayram tadbirlarida qo‘shiqlarni fonogramma orqali ijro etishni taqiqlagan, ammo Madaniyat vazirligi bunga munosabat bildirib, ushbu tashabbus amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmasligini eslatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston fonogramma Oltinbek Maqsudov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing