Qirg‘izistonda amaldorlar uchun yangi cheklovlar joriy etildi

Olam

image

Joriy yilning 17 fevral kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov amaldorlarga xorijda hisob raqam ochishni taqiqlovchi “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Qonunga ko‘ra, endilikda amaldorlar xorijiy banklarda hisob raqam ocha olmaydi (faqat ba’zi rasmiylar bundan mustasno). Shuningdek, amaldorlarning qarindoshlar biznesiga ko‘maklasha olmaydi, qarindoshlari bilan bog‘liq kompaniyalar bilan ish qilolmaydi, davlat resurslarini shaxsiy maqsadda ishlata olmaydi va protokol sovg‘alaridan tashqari sovg‘a ololmaydi.

Bundan tashqari, davlat idoralari korrupsiya haqida xabar berish uchun xavfsiz yo‘l yaratishi va xabar berganlarni himoya qilishi shart qilib belgilangan. 

Qonunda “korrupsiya manbai”, “korrupsiyaviy xavf”, “korrupsiyaga qarshi tekshiruv” va “korrupsiyaga qarshi standartlar” kabi tushunchalar kiritilgan, shuningdek, “yaqin qarindoshlar” va “bog‘liq shaxslar” tushunchalari aniqlashtirilgan.

Birinchi marta qonunchilik darajasida korrupsiyani oldini olish uchun maxsus vakolatli davlat organi tashkil etilgan. Bu organ davlat siyosatini shakllantirish, korrupsiyaviy xavflarni tahlil qilish, chora-tadbirlar samaradorligini baholash va yil yakunida mamlakatdagi korrupsiya holati bo‘yicha hisobot berish bilan shug‘ullanadi.

Moliyaviy nazorat ham oldingidan kuchaytirilgan: mazkur qonunga mos tushadigan shaxslar o‘z aksiyalarini ishonchli boshqaruvga topshirishi, daromad, xarajat va mol-mulklarini, jumladan, xorijiy bank hisoblari va kompaniyalarni deklaratsiya qilishi shart. Soliq idoralari va moliyaviy razvedka xizmatlari daromad va xarajatlarning mosligini tekshiradi, noqonuniy boylik belgisi aniqlansa, materiallar prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.

Qonunda, shuningdek, korrupsiyaviy xavfni baholash, normativ hujjatlarni korrupsiyaga qarshi tekshirish, korrupsiyaga oid jinoyatlar reyestrini yuritish va soha bo‘yicha huquqiy statistika tuzish majburiyati belgilangan.

Qonun e’lon qilinganidan 10 kundan so‘ng kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda davlat xizmatchilari uchun qirg‘iz tilini bilish talablari kuchaytirilgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Qirg'iziston amaldorlar yangi cheklovlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing