Qirg‘izistonda ham favqulodda holat muddati uzaytiriladi
Olam
−
28 aprel 2020
6463Qirg‘iziston rasmiylari Bishkek, O‘sh, Jalolobod va Norin viloyatida favqulodda holat rejimini uzaytirishni rejalashtirmoqdalar. Bu haqda bugun, 28 aprel kuni Respublika Prezidenti Sooranbay Jeenbekov Xavfsizlik kengashi yigʼilishida ma’lum qildi.
“Favqulodda holat 10 mayga qadar uzaytiriladi. Davlat rahbari hukumat va davlat organlariga inqirozga qarshi choralarni davom ettirishni topshirdi. Ish rejasini o‘zgartirganda komendantning fikri inobatga olinishi kerak“, deydi Jeenbekov.
Hukumat hali kasallik avj nuqtasiga chiqmagan deb hisoblaydi. Mamlakatdagi karantin choralari yumshatilishi haqida ham xabarlar yo‘q. Ma’lum qilinishicha, Sooranbay Jeenbekov Qirg‘izistonda Ikkinchi jahon urushi g‘alabasining 75 yilligiga bag‘ishlangan barcha ommaviy tadbirlar bekor qilinishini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev koronavirus pandemiyasi sabab joriy qilingan favqulodda holat rejimini 11 maygacha uzaytirish haqida farmonni imzolagan edi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda koronavirus bilan bog‘liq 695 ta holat aniqlangan. Kasallanganlarning 395 nafari sog‘aygan, 8 nafari esa vafot etgan. Mavjud bemorlar soni 292 kishini tashkil qilmoqda.
LiveBarchasi