Qirg‘iziston va Tojikistondan olib kirilayotgan narkotiklar musodara qilindi

3-sahifa

image

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan jami 56 kilogramm “opiy” va “gashish” giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, dastlab Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Tojikistondan mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan 4 kg 810 gr “opiy” va 42 kg 892 gr “gashish” moddalari to‘xtatib qolingan.

Aniqlanishicha, marg‘ilonlik muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tagan shaxs tanishi bilan birga chegara nazorat o‘tkazish punkti orqali Tojikistonning So‘g‘d viloyati Zafarobod tumaniga borgan. U yerda mahalliy narkosavdogar bilan uchrashib, yuqorida keltirilgan moddalarni 10 ming AQSH dollari evaziga Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hududiga o‘tkazib berishga kelishgan. Ammo kurerlar narkotik moddalarni davlat chegarasidan o‘tkazgan vaqtlarida qo‘lga olingan.

Shuningdek, Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tekshiruv davomida bir fuqaroning uyidan 6 kg 403 gr “opiy” moddasi topilgan. Ushbu narkotiklar ham Tojikistondan olib kelingan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatida andijonlik muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tagan 2 nafar fuqaro 1 kg 399 gr “gashish” moddasini 15 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlangan. Bu holatda narkotik modda Qirg‘izistondan olib kelingan.

Shu bilan birga, Andijon shahrida yashovchi muqaddam sudlangan 3 nafar shaxs DXX tomonidan qo‘lga olingan. Ularning xonadonlari ko‘zdan kechirilganda Qirg‘izistondan keltirilgan jami 546 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

"Hozirda barcha holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda", deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing