Qirg‘iziston O‘zbekistondan yonilg‘i yetkazib berishda yordam so‘radi

Olam

image

Qirg‘iziston yonilg‘ining barqaror yetkazib berilishini ta’minlash va yonilg‘i-moylash mahsulotlari (YOMM) taqchilligi yuzaga kelishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston va bir qator boshqa davlatlarga rasmiy murojaatlar yo‘lladi. Bu haqda mamlakat Energetika vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston benzin va dizelning 90 foizdan ortig‘ini Rossiyadan oladi. Yetkazib berish hajmi hukumatlararo bitimlar bilan tartibga solinadi. Biroq Rossiya Federatsiyasidagi yonilg‘i inqirozi va taqchillik sababli Qirg‘iziston YOMM yetkazib berishni diversifikatsiya qilish bo‘yicha faol muzokaralarni boshlagan.

“Qirg‘iziston Respublikasi yonilg‘i-moylash mahsulotlarining asosiy qismini import qiladi. Shu munosabat bilan jahon energetika bozoridagi o‘zgarishlar, jumladan, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik, xalqaro logistikadagi xavf-xatarlar va jahonda neft narxining oshishi, boshqa ko‘plab davlatlar bozorlari qatori, mamlakat ichki bozoriga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda”, deya qayd etgan Energetika vazirligi.

Shu bilan birga, vazirlik mamlakatda YOMMning yetarli zaxiralari shakllantirilganini va mahsulot yetkazib berish avval tuzilgan shartnomalarga muvofiq davom etayotganini qayd etgan.

“Yonilg‘ining barqaror yetkazib berilishini saqlab qolish maqsadida Vazirlar Mahkamasi va Energetika vazirligi Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkmanistonning sohaviy davlat organlariga rasmiy murojaatlar yo‘lladi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, bunga parallel ravishda Qirg‘iziston rasmiylari ichki ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish ustida ham ish olib bormoqda. Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Erlist Akunbekov va Energetika vaziri Oltinbek Risbekov Jalolobod viloyatidagi “Qirg‘izneftgaz” korxonasiga tashrif buyurib, ichki bozorni neftemahsulotlar bilan ta’minlash chora-tadbirlarini muhokama qilgan. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, kompaniya rahbariyati va xususiy sheriklarga mamlakatni yonilg‘i bilan barqaror ta’minlash ishlarini kuchaytirish topshirilgan.

Bundan tashqari, Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maxsus vakili Baqit To‘raboyev Cho‘y viloyatidagi “Junda” neftni qayta ishlash zavodida bo‘lgan. Korxona rahbariyatiga mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlash uchun benzin va boshqa neftemahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish tavsiya etilgan.

Esdatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada benzin va aviatsiya kerosini eksportiga vaqtinchalik to‘liq taqiq joriy etilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing