Qirg‘iziston Turkiyadan yana harbiy dron sotib oldi

Texnologiya

image

Qirg‘iziston Turkiyaning “Anka” modifikatsiyadagi uchuvchisiz uchish apparatlari (dron)ni sotib oldi. Bu haqda bugun, 17 yanvar kuni Qirg‘iziston Prezidenti Administratsiyasining axborot siyosati bo‘limi rahbari Dayirbek O‘runbekov Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.

O‘runbekov sotib olingan texnikalar sonini ma’lum qilmagan bo‘lsada, Turkiyadan “Bayraktar”, “Aqsungur”, “Akinji”, “Anka” kabi zamonaviy harbiy texnikalar havo hujumidan mudofaa tizimlari xarid qilinib, Qirg‘izistonga yetkazib kelinganini yozgan. Ularning barchasi Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatiga topshirilgan.

O‘runbekovning ta’kidlashicha, Qirg‘izistonda Botkendagi to‘qnashuvlardan so‘ng qurolli kuchlar va xavfsizlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yuqoridagi kabi harbiy texnikalarni sotib olish uchun byudjet mablag‘larini tejash maqsadida o‘tgan yil oxiridan boshlab davlat idoralari xodimlarining har choraklik ustama pullari to‘lanmaydigan bo‘lgan.

“Ustamaning vaqtincha taqsimlanmagani bilan davlat xodimlari mamlakat xavfsizligini mustahkamlashga oz bo‘lsada, hissa qo‘shdi. Mamlakat o‘z xavfsizligini ta’minlay olmasa, davlat xizmatchilariga beriladigan “choraklik mukofot”, qo‘shimcha mablag‘lar foydasiz bo‘lib qolishi aniq. Shu bois, ayrim hamkasblarning “mukofot kesildi”, deb xafa bo‘lishi o‘rinsiz”, deb yozgan Dayirbek O‘runbekov.

Ma’lumot uchun, “Anka” dronlarining qanotlari kengligi 17,5 metr, uzunligi 8,6 metr va balandligi 3,2 metrni tashkil qiladi. Qurilmaning og‘irligi 1,7 tonna bo‘lib, dron 350 kilogramgacha yukni ko‘tara oladi va shu yuk bilan havoda 30 soatgacha uchishi mumkin. “Anka” soatiga 200 kilometr tezlikda uchadi va yer sathidan 9,1 ming metr balandlikka ko‘tarilishi mumkin.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing