Qirg‘iziston “Salimboyvachcha”ni qidiruvga berdi
3-sahifa
−
06 avgust
31751Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevni qidiruvga berdi. Bu haqda qo‘mita matbuot markazi xabar berdi.
Bildirilishicha, olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida O‘zbekistonning yirik tadbirkorlaridan biri Salim Qirg‘izboyevich Abduvaliyev tomonidan “Birodarlar davrasi” xalqaro jinoiy guruhi tarkibiga kirgan Qamchibek Asanbek (“Kolya Qirg‘iz”) uyushgan jinoiy guruhi faoliyatini moliyalashtirish faktlari aniqlangan.
“Salimboy Abduvaliyev O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoiy tuzilmalarga rahbarlik qilgan, shuningdek, MDH davlatlarida bevosita ta’sirga ega bo‘lgan holda, giyohvandlik vositalarini Yevropa davlatlariga olib o‘tish bo‘yicha noqonuniy kanallar tashkil etganligi sababli Qamchi Ko‘lboyev bilan o‘zaro aloqa o‘rnatgan va unga muntazam ravishda moddiy yordam ko‘rsatib kelgan, shuningdek, uning mintaqadagi nufuzli kriminal avtoritetlar qatorida Qirg‘iziston, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari jinoyat olamining yetakchisi bo‘lishiga yordam bergan va hissa qo‘shgan”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, “Kolya Qirg‘iz” va “Salimboyvachcha” yaqin munosabatlarda bo‘lgan, bunga Ko‘lboyevning Abduvaliyev tomonidan uyushtirilgan bayram va boshqa tadbirlarga bir necha bor tashrif buyurishi guvohlik beradi.
Ta’kidlanishicha, Salimboy Abduvaliyev Qirg‘iziston va MDH davlatlarida ma’lum darajada erisha olgan ta’sir doirasini kengaytirib, Qamchibek Asanbekning uyushgan jinoiy guruhini moliyalashtirgan.
Yig‘ilgan materiallar asosida Bishkek shahar Oktyabr tuman sudi qarori bilan Salimboy Abduvaliyevga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan va u ham davlatlararo, ham Interpol Milliy markaziy byurosi orqali qidiruvga berilgan.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudining hukmi bilan Salim Abduvaliyev 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev parlament yig‘ilishida sobiq deputat Emil Jamg‘irchiyev Salim Abduvaliyevdan yordam so‘ragani va unga maktub yo‘llagani haqida ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi