Qirg‘iziston Rossiyaga ishchi kuchi eksportini davom ettiradi

Olam

image

Qirg‘iziston Rossiyaga ishchi kuchini eksport qilishni davom ettiradi. Bu haqda respublika Bosh vaziri o‘rinbosari Edil Baysalov “News.ru” saytiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Baysalovga ko‘ra, Rossiya Qirg‘iziston uchun ishchi kuchi eksportining an’anaviy bozori hisoblanadi va ikki davlat strategik hamkorlardir.

“Biz yosh aholiga ega mamlakatmiz (fuqarolarning uchdan ikki qismi 32-33 yoshdan kichik, mustaqillik yillarida tug‘ilgan). Shunday ekan Rossiyaga ishchi kuchini eksport qilishni davom ettiramiz. Rossiya biz uchun an’anaviy bozor hisoblanadi”, dedi Edil Baysalov.

Unga ko‘ra, ma’lum davrlarda qirg‘izistonlik mehnat migrantlarining 95 foizi Rossiyada bo‘lgan. Ular shifokorlar, o‘qituvchilar, olimlar va pedagoglar sifatida faoliyat yuritgan. Qirg‘izistonliklar zamonaviy Rossiya iqtisodiyotining ko‘plab sektorlariga, xususan, xizmat ko‘rsatish sohasiga (mehmonxonalar, kafelar va boshqalar) katta hissa qo‘shmoqda. Biroq so‘nggi ikki-uch yil ichida Rossiyadagi qirg‘izistonlik mehnat migrantlari soni kamaygan.

“Mehnat resurslarining erkin harakati – Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining asosiy tamoyillaridan biri. Bizning asosiy hujjatlarimizda boshqa ittifoq davlatlarining fuqarolari bilan bir xil asosda mehnat bozoriga kirish huquqiga ega ekanimiz yozilgan”, dedi Baysalov.

Baysalov, shuningdek, Qirg‘izistonda ham minglab rossiyaliklar faoliyat yuritayotganini qayd etib, bu ko‘rsatkichni oshirishga umid bildirgan.

“Biz oliy o‘quv yurtlariga yuzlab o‘qituvchilarni yollamoqdamiz. Rossiya fanlari va ta’limi bizni juda qiziqtiradi. Talabalarni yuborish yaxshi, ammo to‘liq kafedralar tashkil etish, ayniqsa, aniq fanlar bo‘yicha bo‘limlarni ochish yaxshiroq. Tog‘-kon sanoati va yo‘l qurilishini faol rivojlantiramiz, bu sohalarda bizga mutaxassislar kerak”, dedi Qirg‘iziston hukumati raisining o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada ish haqlari oshganiga qaramay, mehnat migrantlari o‘z vatanlariga qaytishni afzal ko‘rib, joriy yil davomida mamlakatdan taxminan bir million chet ellik chiqib ketgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qirg'iziston ishchi kuchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing