Qirg‘iziston Qo‘qonga temiryo‘l qurishni rejalashtirmoqda

Olam

image

Qirg‘iziston yaqin yillarda bir nechta temiryo‘l qurilishi loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat hukumatining 2030 yilgacha bo‘lgan Milliy rivojlanish dasturida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, 2030 yilgacha transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish rejalari temiryo‘l tarmoqlarini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.

“Xususan, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” magistrali loyihasiga alohida e’tibor qaratilmoqda, bu tranzit imkoniyatlari va savdo aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Qolaversa, ushbu dasturda ichki temiryo‘llarni kengaytirish ham rejalashtirilgan. Ular orasida “Baliqchi–Qoraqo‘l” yo‘nalishi loyihasi ham bor, uning yaratilishini Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov 2024 yilning may oyida e’lon qilgan edi.

Botken viloyatini rivojlantirish rejasi doirasida “Botken–Qo‘qon”  temiryo‘lini qurish ko‘zda tutilgan. Ma’lum qilinishicha, bu ish o‘rinlari yaratishga, transport infratuzilmasini yaxshilashga va savdoni rivojlantirishga yordam beradi. Loyihaning batafsil ma’lumotlari hozircha keltirilmagan.

Bundan tashqari, dasturda Jalolobodda xalqaro aeroport yaratish, Botken va Razzoqov aeroportlarini modernizatsiya qilish, “Chotqol–Toshkent”  avtomobil yo‘lini qurish va boshqa bir nechta avtomobil yo‘llarini yangilash ham nazarda tutilgan.

Ma’lumot uchun, 2022 yilning sentyabr oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Xitoy uzunligi 454 km bo‘lgan temiryo‘l tarmog‘i yo‘nalishini kelishib olgandi. Moliya masalalari keyingi muhokamalarning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning “Yo‘lovchilar tashish” AJ va O‘zbekistonning “O‘zbekiston temiryo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbarlari “Ostona – Samarqand” yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi masalasida kelishuvga erishgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Xitoy–Qirg'iziston–O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing