Qirg‘iziston qator davlatlardan keluvchilar uchun karantin joriy etdi
Olam
−
25 fevral 2020
3719Qirg‘iziston Respublikasida Eron, Italiya, Janubiy Koreya va Yaponiyadan kelgan fuqarolarga karantin joriy qilinadi. Bunga ushbu mamlakatlarda koronavirus infeksiyasining keng tarqalgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligining Kasalliklarning oldini olish va ekspertiza qilish boshqarmasi direktori Rispek Sidiqaliyev ma’lum qilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa mamlakatlardan Qirg‘izistonga kelgan 842 kishi jiddiy tibbiy tekshirish va sinovlardan o‘tgan. Ular orasida hech qanday infeksiya topilmagan. Ammo mahalliy shifokorlar hali ham 534 kishining ahvolini kuzatishmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi vakilining ta’kidlashicha, Qirg‘iziston chegarasidagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlari Respublika hududiga koronavirus infeksiyasining kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun intensiv rejimda ishlamoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda paydo bo‘lgan COVID-19 koronavirusi bilan kasallanganlar soni 80 150 nafarga yetdi.
Koronavirusdan davolanganlar soni 27 626 nafarni tashkil qilyapti. Bemorlarning 18 foizi yoki 9214 nafari og‘ir ahvolda qolyapti.
2019-nCoV virusidan halok bo‘lganlar 2701 nafarga yetdi. Virus qurbonlari soni bo‘yicha Eron (12 kishi) Xitoydan keyingi o‘ringa chiqib oldi. Shuningdek, Diamond Princess kemasida virusga chalingan bemorlarning yana ikki nafari vafot etib, umumiy 4 nafarga yetdi.
Koronavirus Eronga kirgach, uning atrofidagi davlatlarga tezda tarqala boshladi. Kecha Bahrayn, Afg‘oniston, Iroqqa yetib borgan koronavirus bugun Quvayt va Ummon sultonligida ham aniqlandi. Ozarboyjonda esa ikki kishi ayni virus xavfi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Nurulloh Sharipov
LiveBarchasi