Qirg‘iziston hamisha Rossiyaning baquvvat yelkasiga suyanadi – Jeenbekov Putinga

Olam

image

Putin Qirg‘izistonning samimiy va buyuk do‘sti. Qirg‘iziston har qachon Rossiyaga suyana olishiga ishonadi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeebekov Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan kecha, 28 sentyabr kuni Sochida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida aytib o‘tgan. Jeenbekov gapni eng avvalo Putinga qabul uchun minnatdorlik bildirishdan boshlagan. 

“Siz bilan uchrashganimdan chin dildan xursandman. Bandligingizga qaramay, doimo Qirg‘izistonga vaqt va e’tiboringizni ajratasiz. Bu mamlakatimiz uchun ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan katta yordamdir. Rossiya bizni doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan. Va bu sizning shaxsiy irodangiz, siz Qirg‘izistonning samimiy buyuk do‘stisiz. Qirg‘iziston xalqi bularning barchasini biladi, eslaydi va juda qadrlaydi. Bunday qo‘llab-quvvatlash uchun Qirg‘iziston xalqi nomidan va o‘z nomimdan minnatdorlik bildirmoqchiman”, degan Jeenbekov.

Uning qayd etishicha, Qirg‘iziston har doim Rossiyaning yordamini his etadi va unga suyanadi:

“Qirg‘iziston har doim Rossiyaning baquvvat yelkasini haqiqiy do‘st, ittifoqchi va strategik sherik sifatida his qiladi. Buni, ayniqsa, bu qiyin, og‘ir paytda sezdik. Sizning sharofatingiz bilan biz mamlakatda epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘ldik va sizning sharofatingiz bilan Rossiyada yashovchi fuqarolarimizga yordam ko‘rsatildi”. 

Jeenbekov, shuningdek, Putinni koronavirus infeksiyasiga qarshi birinchi vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazilgani bilan tabriklagan. Vaksinaning ro‘yxatdan o‘tkazilishini “butun insoniyat kutgan kun” deya ta’riflagan Qirg‘iziston rahbari Rossiya vaksinasidan Qirg‘iziston fuqarolari ham bahramand bo‘lishiga umid bildirgan. Qolaversa, u Putinga Yevroosiyo barqarorlashtirish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan rekord darajada 100 million dollar miqdorida kredit ajratilgani uchun rahmat aytgan. “Bu bizning iqtisodiyotimiz uchun juda muhim yordam”, deydi Jeenbekov.

Shu bilan birga, u Rossiyaning yordami bilan Qirg‘iziston nazorat punktlarini modernizatsiya  qilish ishlarini tugatayotganini, biz soliq inspeksiyasining axborot tizimida tovarlarni markalash va kuzatib borilishi boshlanganini qayd etgan. 

“Qirg‘iziston xalqi siz bilan uchrashuvimizdan ko‘p narsa kutmoqda. Ma’lumki, ayniqsa, parlament saylovlari arafasida turli kuchlar faollashdi, ular mamlakatimiz barqarorligi va rivojlanishiga qarshi. Ular hattoki Qirg‘izistonning suverenitetiga tajovuz qilishga urinmoqdalar va ular bizning ittifoqdosh munosabatlarimizga, strategik sheriklikka ta’sir qiladi. Albatta, biz ularga yo‘l bermaymiz, ular muvaffaqiyatga erisha olmaydi, chunki biz uchun eng muhimi – Rossiyaning qo‘llab-quvvatlashi. Bu juda muhim va buning uchun sizdan minnatdorman.  Biz har doim tarixiy do‘stona munosabatlarimizni qadrlaymiz, ular asrlar davomida sinovdan o‘tgan”, deydi Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rossiya-Qirg'iziston Sooronbay Jeenbekov

Baholaganlar

170

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing