Qirg‘iz-tojik chegarasida o‘q uzildi
Olam
−
02 dekabr 2021
10993Qirg‘iziston chegarachilari kecha, 1 dekabr kuni kechqurun noma’lum shaxslar Tojikiston hududidan chegaraning bahsli uchastkasida bir necha marta o‘q uzgani, hozirda vaziyat tinch ekanini ma’lum qildi. Bu haqda AKIpress axborot agentligi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Chegara qo‘riqlash xizmati (CHQX) matbuot bo‘limiga asoslanib, xabar berdi.
Chegara qo‘riqlash xizmati matbuot xizmatining xabar berishicha, 1 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 21:00 atrofida Qirg‘izistonning Botken viloyatining Daxma tumanida, shartli chegara chizig‘i yaqinida noma’lum shaxslar Tojikiston tomondan 7-8 o‘q uzgan. Taxminlarga ko‘ra, o‘q ov miltig‘idan otilgan.
Qayd etilishicha, voqea sabablarini oydinlashtirish uchun Qirg‘iziston va Tojikiston chegara postlari rahbarlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borishgan, ular otishmaga aloqador shaxslarni qidirish choralarini ko‘rishga kelishib olgan.
Voqea yuzasidan ikki davlat huquq-tartibot idoralari va mahalliy hokimiyat organlariga xabar berilgan. Qirg‘izistonning Botken yo‘nalishi bo‘yicha chegara vakili Qiyolbek To‘lonboyev Tojikistonning So‘g‘d yo‘nalishi bo‘yicha chegara vakili bilan telefon orqali muloqot qilib, davlat chegarasida tashviqotlarning oldini olish choralarini muhokama qilgan.
“Soat 22:30 holatiga ko‘ra, davlat chegarasining ushbu uchastkasida vaziyat barqaror”, degan nashr CHQX xabariga tayanib.
Ma’lumot uchun, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraning uzunligi qariyb 980 km bo‘lib, Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin uning o‘nlab bahsli uchastkalari saqlanib qolgan.
LiveBarchasi