Qirg‘iz-tojik chegarasida harbiylar o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi
Olam
−
27 yanvar 2022
14788Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida ikki davlat harbiy xizmatchilari o‘rtasida otishma yuz berdi. Bu haqda TASS Qirg‘iziston chegara xizmatiga tayanib, xabar berdi.
“27 yanvar kuni soat 18:30 (Toshkent vaqti bilan 17:30) holatiga ko‘ra, davlat chegarasining qirg‘iz-tojik uchastkasida vaziyat keskin”, deyiladi xabarda.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, soat 17:30 dan 18:00 gacha Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlari xodimlari Botken - Isfana yo‘lini Botken viloyatining Tert-Keche hududida “bir tomonlama to‘sib qo‘ygan.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Botken viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Qiyolbek To‘lonboyev va Botken chegara otryadi boshlig‘i Rustam Mirshokirov voqea joyiga jo‘nab ketgan.
“Botken viloyatidagi chegaraning ushbu qismida joylashtirilgan chegara bo‘linmalari kuchaytirilgan xizmat ko‘rsatish rejimiga o‘tkazildi”, deyiladi agentlik xabarida.
Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraning uzunligi qariyb 950 kilometrni tashkil etadi. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin uning o‘nlab bahsli uchastkalari saqlanib qolgan. 2002 yilda demarkatsiya va delimitatsiya bo‘yicha muzokaralar jarayoni faollashdi va o‘shandan beri komissiyalar va ishchi guruhlarning ikki yuzga yaqin yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ayni paytda chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonida chegaradan o‘tuvchi 550 kilometrga yaqin chiziq allaqachon kelishilgan. Biroq ikki davlat chegarasida yashovchi mahalliy aholi o‘rtasida nizolar kelib chiqadi va ular ko‘pincha to‘qnashuvlarga aylanib ketadi.
LiveBarchasi