“Qing‘ir ishning qiyig‘i”... Samarqandda o‘g‘rincha gaz va “svet”ga ulangan tadbirkor ushlandi

3-sahifa

image

Samarqand viloyatida tabiiy manbalarga o‘zboshimchalik bilan ulanib, davlatga 5 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazgan “tadbirkor” aniqlandi. Bu haqda viloyat huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlari xabar berdi.

Qayd etilishicha, Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi fuqaro A.A. tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan tabiiy gaz va elektr energiyasiga noqonuniy ulangan. U qonunga xilof tarzda gaz va elektr manbalariga ulanib, 33 sotix yer maydonida 3 ta ohak sexi tashkil etgan.

Aniqlanishicha, fuqaro A.A.ning noqonuniy faoliyati faqat bir hudud bilan cheklanib qolmagan. Kattaqo‘rg‘on tumanining “Go‘zal” mahallasi hududida joylashgan 2 ta uyda ikkitadan jami 4 ta pech o‘rnatib, mazkur hududda ham tabiiy manbalarga o‘zboshimchalik bilan ulanib, noqonuniy ohak ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.

Ochiqlangan qonunbuzarlik holatlari huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirilgan. Yetkazilgan zararning dastlabki hisobi elektr energiyasi bo‘yicha 110 million so‘mni, tabiiy gaz bo‘yicha 5 milliard so‘mdan ortiq miqdorni tashkil qilgan.

“Hozirda aniqlangan holat yuzasidan huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda. Bu kabi tekshiruv tadbirlari esa davom ettirilmoqda”, deyiladi viloyat huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlari bergan ma’lumotda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 mart kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida senatorlar O‘zbekistonda “svet”, gaz va suvdan noqonuniy foydalanish o‘g‘rilik jinoyati bilan tenglashtirilishi bo‘yicha qonunni ma’qullagan edi. 13 mart kunidan esa mazkur qonun kuchga kirdi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Samarqand tadbirkor svet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing