Qilichdoro‘g‘li Rossiyani ogohlantirdi
Olam
−
12 may 2023
21642Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning saylovdagi asosiy raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li Rossiyani prezidentlik saylovi arafasida ijtimoiy tarmoqlarda soxta materiallar tarqatganlikda ayblab, ogohlantirdi. Bu haqda u o‘zining Twitter’dagi sahifasida ham turk, ham rus tillarida yozib qoldirdi.
Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, uzoq yillik rahbar Erdo‘g‘andan biroz ustunlikka ega bo‘lgan Qilichdoro‘g‘li qaysi materialga ishora qilganiga aniqlik kiritmagan.
“Qadrli rus do‘stlar, kecha bu mamlakatda fosh qilingan montajlar, fitnalar, Deep Fake kontenti va yozuvlar ortida siz turibsiz. 15 maydan keyin ham do‘stligimizni davom ettirmoqchi bo‘lsangiz qo‘lingizni turk davlatidan uzoq tuting. Biz hamon hamkorlik va do‘stlik tarafdorimiz”, deb yozgan Qilichdoro‘g‘li.
Rossiya rasmiylari esa hozircha izoh bermagan.
Ta’kidlash joizki, Moskva va Anqara yaqin aloqalarga ega va Rossiya Turkiyaning eng yirik energiya yetkazib beruvchisi hisoblanadi. Prezident Vladimir Putin va Erdo‘g‘an energiyadan tortib Ukraina va Suriyadagi urushlargacha bo‘lgan mavzularda tez-tez muzokaralar o‘tkazadi.
14 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik va parlament saylovlari oldidan o‘tkazilgan shiddatli kampaniyada Erdo‘g‘an va Qilichdoro‘g‘li lagerlari siyosiy arboblari bir-birini internetdagi ayblovlar, jumladan, video va fotosuratlar e’lon qilinganidan shikoyat qilgan.
LiveBarchasi