Qilichbozlik. O‘zbekiston Jahon kubogida sovrindor bo‘ldi

Sport

qilichbozlika

Kecha, 10 dekabr kuni Toshkent shahrida Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) taqvimidan o‘rin olgan yoshlar o‘rtasidagi Jahon kubogining 2-kungi bellashuvlari o‘tkazildi va unda o‘zbekistonlik rapirachilar jamoaviy dasturda 3-o‘rinni egallab, shohsupadan joy oldi.

Muhammad Yusuf Asronov, Ilyos Molina, Muslimbek Mirzalimov va Anvarxon Solihojiyevdan iborat jamoa bronza medali uchun kechgan bahsda ukrainalik raqiblarini 42:41 hisobida mag‘lub etishdi. Belgilangan 3 daqiqa vaqt o‘z yakuniga yetgan paytda O‘zbekiston vakillari bir ochko farqi bilan oldinda borayotgan edi.

Polsha va Rossiya jamoalari o‘rtasida kechgan final bellashuvida esa 45:39 hisobi qayd etildi va yakunda polshaliklar chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari shpaga yo‘nalishining yakkalik bahsarida ham g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Oltin medal uchun kechgan bellashuvda misrlik Muhammad Al Said rossiyalik Vladimir Tolasovni 15:8 hisobida mag‘lub etib, chempionlikni tantana qildi. 3-o‘rin Rossiya vakili Kirill Gurov va Ukraina sportchisi Nikita Koshmanga nasib qildi. O‘zbekistonlik qilichbozlar orasida eng yaxshi natijani Mirzo Ulug‘bek Mo‘minov ko‘rsatdi (21-o‘rin). 


 
Eslatib o‘tamiz, musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Xorvatiya, Ozarbayjon, Belarus, Hindiston, Isroil, Qirg‘iziston, Shveysariya, Ukraina, Turkiya, Polsha, Saudiya Arabistoni va Qozog‘iston mamlakatidan 200 nafardan ortiq qilichbozlar sablya, rapira va shpaga yo‘nalishlarida yakkalik va jamoaviy dasturda bahs olib borishmoqda.

Ma’lumot uchun, Toshkentda joriy yilning 20-21 noyabr kunlari qilichbozlikning sablya yo‘nalishida yoshlar o‘rtasida Jahon kubogi bahslari o‘tkazilgan va yakkalik dasturda Zaynab Dayibekova, jamoaviy bellashuvlarda esa O‘zbekiston terma jamoasi vakillari oltin medalga sazovor bo‘lgan edi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Qilichbozlik Fencing FIE Muhammad Yusuf Asronov Ilyos Molina Muslimbek Mirzalimov Anvarxon Solihojiev

Baholaganlar

5

Reyting

2.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing