Kemeronning O‘zbekistonga tashrifidan maqsad Rossiyaga maksimal darajada zarar yetkazish – Galuzin

Jamiyat

image

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron O‘zbekistonga tashrifi bilan Rossiyaga maksimal darajada zarar yetkazishga va uni ittifoqdoshlaridan uzoqlashtirishga harakat qildi. Bu so‘zlarni kecha, 26 aprel kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari o‘rinbosari Mixail Galuzin aytdi.

"Maqsad – Rossiyaga maksimal darajada zarar etkazish, davlatni yo‘q qilish, uning an’anaviy xorijiy hamkorlari va ittifoqchilarini Rossiyadan uzoqlashtirish", deydi diplomat.

Galuzinning qo‘shimcha qilishicha, Moskvadagi o‘zbek do‘stlari bunda rasmiy Londonning yashirin niyatini ko‘rmoqda.

Qayd etilishicha, London kelasi uch yil ichida mustaqillik va suverenitetni qo‘llab-quvvatlash uchun davlatlarga 50 million funt sterling ajratmoqchi.

Ma’lumot uchun, Kemeron savdo, xavfsizlik va atrof-muhit bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonga safar qildi. "The Independent" nashrining yozishicha, Kemeron Markaziy Osiyo mamlakatlarining qiyinchilik bilan erishilgan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan ham fikr almashishga kelgan. Shuningdek, u Britaniya universitetlarida xorijliklarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlovchi Chevening stipendiyalari uchun mablag‘ miqdori ikki baravar oshirilishini ma’lum qilmoqchiligi aytilgan. 

Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni Devid Kemeron Tojikistonga borgan va u yerda Prezident Imomali Rahmon qabulida bo‘lgandi. Shundan so‘ng u Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan ham uchrashdi. 23 aprel kuni u Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan muzokara o‘tkazdi va tomonlar orasida Keng qamrovli sherikchilik to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda Mintaqaviy va xalqaro bog‘liqlik hamda infratuzilma sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.

Shuni qayd etish kerak, Devid Kemeron Mo‘g‘ulistondan Londonga qaytayotganda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan yana uchrashgan.

“Buyuk Britaniya-O‘zbekiston munosabatlarini yanada sezilarli natijalar bilan boyitish tarafdori ekanimizni yana bir bor tasdiqladik”, deydi Baxtiyor Saidov.

Shunisi qiziqki, 26 aprel kuni Baxtiyor Saidov TIVda Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin bilan ham uchrashgan.

“Mamlakatlarimiz rahbarlari o‘rtasida erishilgan barcha kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish masalalarini, shuningdek, O‘zbekiston – Rossiya strategik sherikligining keng ko‘lamli kun tartibini muhokama qildik”, deya qayd etgan Saidov.

Bundan tashqari, 23 aprel kuni Devid Kemeron Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya siyosiy-diplomatik muloqotini kengaytirish, shuningdek, xalqaro maydonda konstruktiv hamkorlikni davom ettirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlarni mustahkamlash, parlament aloqalarini faollashtirish masalalari muhokama qilingan. 

Kemeron Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgani yo‘q. Chunki u 22 aprel kunidan qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqqandi. Qozog‘istonda esa Kemeron Prezident Qosim-Jomart To‘qayev qabulida bo‘ldi, Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan uchrashdi va ikki davlat orasida strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing