Kemeron va Saidov ikki hujjatni imzoladi

Jamiyat

image

Bugun, 23 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha davlat kotibi Devid Kemeron bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirishicha, suhbat chog‘ida barcha sohalar bo‘yicha ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan asosiy vazifalar belgilab olingan. Iqtisodiy munosabatlarni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga o‘zaro tayyorlik qayd etildi.  

Muzokaralar yakunida Keng qamrovli sherikchilik to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda Mintaqaviy va xalqaro bog‘liqlik hamda infratuzilma sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.

Qayd etish joizki, Kemeron va Saidovning oldingi uchrashuvi o‘tgan yilning 30 noyabr kuni Shimoliy Makedoniya poytaxti Skope shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 30-yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda ikki tomonlama munosabatlarni barcha sohalarda mustahkamlash borasida kelgusidagi sa’y-harakatlar hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan.

Ma’lumot uchun, hozirda Kemeron savdo, xavfsizlik va atrof-muhit bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonga safar qilmoqda. "The Independent" nashrining yozishicha, Kemeron Markaziy Osiyo mamlakatlarining qiyinchilik bilan erishilgan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan ham fikr almashmoqchi. Shuningdek, u Britaniya universitetlarida xorijliklarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlovchi Chevening stipendiyalari uchun mablag‘ miqdori ikki baravar oshirilishi va kelgusi uch yil davomida mintaqa bo‘ylab rivojlanish xarajatlari uchun 50 million funt sterling ajratilishini ma’lum qilmoqchi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 aprel kuni Devid Kemeron Tojikistonga borgan va u yerda Prezident Imomali Rahmon qabulida bo‘lgandi. Shundan so‘ng u Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan ham uchrashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent O'zbekiston Buyuk Britaniya Baxtiyor Saidov Devid Kemeron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing