Qayniuka homilador kelinoyisini vaxshiylarcha o‘ldirdi, ammo qamalmadi

Jamiyat

image

Oiladagi muhit, farzand tarbiyasi ota-onaning yoki saodati, yoki musibati. 1992 yilda tug‘ilgan o‘g‘lining qo‘rs, badjaxl ekanligidan ko‘p kuygan ota-onaning dardi ichida edi. Akasini uylantirishganda o‘smir yigitcha bo‘lgan Ne’matning kelinchakka bo‘lgan qo‘polliklarini “bo‘ydoqchilik”ka yo‘yishdi. Ammo ne-ne ishlar o‘tsa hamki, bolani bir tekshirtirib, ruhiyatini davolataylikmikan, deya o‘ylab ham ko‘rishmadi. Alal oqibat...

Uning mojarolari birgina kelinoyi bilan bo‘lmasdi, ammo negadir alami undan olinardi. Shu tariqa yillar ham o‘tdi. Sovuq munosabatlar, janjallardan bezigan ota-ona bir nafar farzandli bo‘lgan, ikkinchisiga homilador kelinlarini (balki asrash uchundir) hali bitmagan uyga ko‘chirib qo‘yishdi.

– Bu yog‘ini asta-asta bitkazib olasizlar, -deyishdi o‘g‘illariga. – Biz ham tinchroq o‘tiraylik, bolam. Ukangni ham uylantirarmiz.

Albatta, barchaga tinchlik-xotirjamlik yoqadi. Ammo Ne’matga bu ham ma’qul kelmadi. U yana kelinoyisi bilan kunda-kunora borib “otishib”, urishib kelar, onamni xizmatini qilmading, deya to‘polon ko‘tarardi.

Kelin sho‘rlik nima qilishni ham bilmay qolgandi, ora-chora borib qaynonasinikida xizmat qilar, bu yoqda yangi uyning tuproqqa belangan mehnatu mashaqqati bo‘shatmasdi uni. O‘z kelinoyisiga bo‘lgan nafrat, g‘araz Ne’matning niyatini buzgandi. U kuzning sovuqqina bir kunida qo‘yniga pichoq yashirib, akasining uyiga yo‘l oldi. Keta turib unga telefon qilib, onasining tobi qochgani, zudlik bilan o‘g‘ilchasini olib borishini tayinladi.

Hovlida kir chayib o‘tirgan kelinoyisining qo‘lidan sudgab uy ichiga tortarkan, Ne’mat g‘araz niyatini yashirmadi. “Seni o‘ldirmagunimcha tinchimayman!”

Qo‘rqib ketgan ayol tipirchilab qaynisining qo‘lidan chiqishga urinar, yalinib-yolvorardi. Ammo Ne’mat ojizligi, homiladorligini bila turib uning qorin sohasiga pichoqni sanchib olaveradi. Yordam chaqirishga uringan kelinoyisining og‘zini berkitib, shafqatsizlarcha bosib olib, ko‘krak, bo‘yin, hayoti uchun muhim sanalgan, badanining boshqa joylariga o‘n besh marotaba pichoq urib, o‘ta og‘ir xolatda jarohat yetkazib, uydan chiqib ketadi.

Bo‘lg‘usi ona, yoshgina ayol olgan tan jarohatlari, ichki-tashqi qon ketishi oqibatida voqea joyida vafot etadi.

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi ruhiy kasalliklar klinik shifoxonasi xulosasiga ko‘ra N. Zaripovda “Bredovogo rasstroystva” (vasvasaga tushish) kasalligi aniqlanadi. U ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan vaqtida o‘z harakatlarini idrok qila olmaydigan darajada ruhiy nosog‘lom bo‘lgan. Unga nisbatan Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida intensiv nazoratda, majburiy tartibda davolanish tavsiya etildi.

Sud ish bo‘yicha mutaxassis va guvohlarning ko‘rsatmalari, ekspertiza xulosasi hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillarni o‘rganib chiqib, N. Zaripovning odam o‘ldirishda ifodalangan ijtimoiy xavfli qilmishni aqli noraso xolatda sodir etgan deb xisoblab, unga nisbatan jinoyat ishini tugatishni hamda tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi tayinlashni lozim topdi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, inson tabiatining keskin vajohatli bo‘lishi, yillar davomida o‘zgarmasligi har qanday ota-onani xushyor torttirmog‘i lozim albatta. Shu ma’noda Ne’matning oilasi ham beparvolikka berilishmaganda, bolani o‘z vaqtida davolatish imkonini qilishganda edi... u ikki yaqini – kelinoyisi hamda hali tug‘ilmagan jiyanining qotili bo‘lmagan, ikki inson bemahal hayotdan ko‘z yummagan bo‘larmi edi?..

Demakki, farzandlar tarbiyasi, kamoli va albatta salomatligi yo‘lida yana ham ziyrakroq va mas’uliyatliroq bo‘lmog‘imiz shartki, zotan, yuqoridagi kabi xolatni hech birimiz xonadonimizda yuz berishini istamaymiz, albatta.

Akromjon Aripov, Jinoyat ishlari bo‘yicha
Namangan viloyat sudi Sud amaliyotini
tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i.

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Jinoyat Qotillik

Baholaganlar

335

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing