Qatardagi Jahon chempionati Messi uchun oxirgisimi?
Sport
−
07 Oktabr 2022
3006Argentina terma jamoasi va Fransiyaning PSJ klubi futbolchisi Lionel Messi Qatar yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati faoliyatidagi eng oxirgisi bo‘lishini ma’lum qildi. Bu haqda Messining so‘zlariga tayanib, “Star+” nashri xabar berdi.
Shuningdek, Messi Argentina tarixdan Jahon chempionatini yutishga da’vogarligini, ammo hozir ular yaqqol favoritlar qatorida emasligini aytgan.
“2022 yilgi Jahon chempionati men uchun oxirgisi bo‘ladimi? Ha, albatta. Mening jismoniy holatim yaxshi, bu yil mavsumoldi yig‘inlari ajoyib o‘tdi. Bundan bir yil oldin bunday bo‘lmagandi. O‘tgan yili mashg‘ulotlarni kech boshladim va o‘yin ritmi yo‘q edi. Mavsum esa allaqachon boshlangan edi. Keyin terma jamoadan jarohat olib qaytdim va boshlagan ishimni oxiriga yetkaza olmadim. Hozir men Jahon chempionati boshlanishiga kunlarni sanab, uning start olishini intizorlik bilan kutyapman. Men hammasi qanday ketayotganini va qanday tugashini ko‘rmoqchiman. Bir tomondan, biz mundialni kutmoqdamiz, ikkinchi tomondan, ishtirokimiz muvaffaqiyatli chiqishini xohlaymiz.
Barcha o‘yinlar qiyin bo‘ladi, shuning uchun Jahon chempionati o‘zgacha musobaqa sanaladi. Chunki u yerda favoritlar har doim ham g‘alaba qozona olmaydi va hammasini oldindan aytib bo‘lmaydi. Bizni asosiy da’vogar deb hisoblash mumkinmi? Bilmayman. Ha, Argentina tarixan g‘alabaga da’vogar bo‘lgan, ammo hozir biz favorit emasmiz, imkoniyatlari yuqoriroq boshqa jamoalar bor”, degan Messi.
Qayd etish kerakki, navbatdagi Jahon chempionati 2026 yili AQSH, Kanada va Meksikada tashkil etiladi. O‘shanda Leo Messi 39 yoshni qarshilagan bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum Lionel Messi PSJ safida 13 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 8 ta golli uzatma amalga oshirdi.