Qatar Isroildan HAMAS yetakchilarini o‘ldirmaslikni so‘radi – OAV
Olam
−
12 noyabr
3219Qatar hukumati Isroildan amirlik hududida HAMAS yetakchilariga hujum qilmaslik majburiyatini olishni so‘radi. Bu haqda Isroilning “Kan” telekanali xabar berdi.
“Bizning hududimizdagi HAMASning yuqori martabali a’zolariga hujum qilmaslik majburiyatini oling”, deyiladi Qatar hukumati murojaatida.
Qayd etilishicha, Qatar tomonidan bildirilgan bu talab amirlikning HAMAS va Isroil o‘rtasida vositachilik qilishni to‘xtatish va guruh rahbariyatini mamlakatdan chiqarib yuborish qaroriga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Xususan, oldinroq Qatar Tashqi ishlar vazirligi vakili Majid bin Muhammad al-Ansoriy Isroil va HAMAS o‘rtasidagi vositachilikni to‘xtatish qarorini e’lon qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, HAMAS rahbariyati va ularning oilalari 2012 yildan beri Dohada yashab keladi. Biroq isroillik garovdagilarni ozod qilish va G‘azo sektoridagi o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragach, AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Qatarni HAMAS a’zolarini mamlakatdan chiqarishga chaqirgan.
“Financial Times” manbasiga ko‘ra, guruh vakillari endi Turkiya, Eron, Jazoir yoki Mavritaniyaga ko‘chib o‘tishni ko‘rib chiqmoqda. Biroq ularning Turkiyaga ko‘chib o‘tish ehtimoli yuqoriroq, chunki mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an guruhni qo‘llab-quvvatlab, Isroilni ochiqchasiga tanqid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qatar hukumati G‘azo sektorida sulh tuzish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda vositachilik rolidan voz kechib, HAMAS harakatini o‘z idorasini Dohadan ko‘chirish zarurligi haqida ogohlantirgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi